Ekvador prezidentligiga nomzod Fernando Vilyavisenso mamlakat poytaxti Kitodagi saylovoldi mitingidan so‘ng o‘ldirildi, deb yozadi El Universo.

“Prezidentlikka nomzod Fernando Vilyavisenso Valensiya chorshanba kuni Kitodagi mitingdan so‘ng boshiga 3 marta o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘ldi”, – deyiladi xabarda.

Siyosatchining o‘limini uning do‘sti, shuningdek, prezident Gilermo Lassoning o‘zi ham tasdiqlagan.

Gazetaning yozishicha, yana sakkiz kishi jarohat olgan. Ulardan yetti nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Prokuraturaning aniqlik kiritishicha, hujumda gumonlanuvchi o‘qdan olgan jarohatlaridan vafot etgan.

So‘nggi so‘rovlarga ko‘ra, Vilyavisenso prezidentlik uchun kurashda g‘alaba qozonish uchun yetarli ovoz to‘play olmagan.

Eslatib o‘tamiz, Ekvadorda Prezidentlik saylovi joriy yilning 20 avgust kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

O‘zA