Italiya Rossiya va Belarus fuqarolari uchun amalda bo‘lgan investitsiya hisobiga Apennin orolida doimiy yashashga ruxsat beruvchi Investor Visa for Italy dasturini to‘xtatdi, deyiladi mamlakatning korxonalar va mahsulotlar bo‘yicha vazirligi tarqatgan xabarda.
Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan mamlakatlar fuqarolari uchun “oltin viza” berish dasturi 2017 yilda yo‘lga qo‘yilgan edi. Ushbu hujjatga binoan, mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli miqdorda investitsiya kiritgan xorijiy davlat fuqarosi oilasi bilan birga Italiyada yashashga ruxsat olishi mumkin. Biroq ushbu loyiha investitsiya ko‘lami past bo‘lgani uchun Gretsiya, Ispaniya va Portugaliyadagi loyihalar kabi ommalashmadi.
Natijada, 2020 yil may oyida hukumat COVID-19 pandemiyasi sharoitida mamlakat iqtisodiyotini jonlantirishga urinib, Investor Visa for Italy dasturi bo‘yicha talab qilingan summa miqdorini ikki barobarga kamaytirdi. Ayni damda investorlar “oltin viza” olish uchun Italiya startaplariga 250 ming, mahalliy kompaniyalarga 500 ming yevro jalb qilishi kerak. Xayriya badali uchun 1 million yevro, ijtimoiy muhim tashabbuslar yoki davlat obligatsiyalari uchun 2 million yevro sarmoya kiritilishi talab qilingan. “Oltin viza” egalari maxsus soliq rejimidan foydalanishi, o‘n yildan keyin esa Italiya fuqaroligini olishga harakat qilishi mumkin bo‘ladi.
RIA Novosti tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, Investor Visa for Italy dasturidan shu kungacha taxminan 200 kishi foydalangan. O‘tgan yili rossiyalik 30 nafar investor “oltin viza” sohibiga aylangan.
O‘zA