Huquqiy munosabat

Ma’lumki, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, voyaga yetmagan bolalar, shu jumladan, tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab olishlari mumkin.

Xo‘sh, bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladimi? Agarda ularning xohishi inobatga olinsa, bunga nechchi yoshdan amal qilinadi?

Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov quyidagilarni gapirib berdi.

–Ushbu savollarga Oila kodeksi asosida javob beramiz. Xususan, bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv vasiylik va homiylik organlari bilan tutingan ota-ona o‘rtasida tuziladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuvda bolalarni ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish, tarbiyaga olgan tutingan ota-onaning huquq va majburiyatlari, vasiylik va homiylik organlarining bolalarni tarbiyaga olgan oilaga nisbatan majburiyatlari, shuningdek bunday kelishuvni bekor qilish asoslari va oqibatlari ko‘rsatilishi kerak.

Kelishuv tuzilishidan oldin bolani tarbiyaga olayotgan shaxsning turmush shart-sharoitlari va oila a’zolarining sog‘lig‘i tekshiriladi. Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yo‘la kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta’minoti uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda har oyda nafaqa to‘lab turadi.

Bolalarni tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuv uzrli sabablar (kasalligi, oilaviy yoki mulkiy mavqeining o‘zgarishi, tarbiyasidagi bolalar bilan o‘zaro bir-birini tushunmaslik va boshqa sabablar) mavjud bo‘lsa, bolalarning tutingan ota-onasi tashabbusi bilan, shuningdek vasiylik va homiylik organlarining tashabbusi bilan yoki bola ota-onasiga qaytarilgan yoxud bola farzandlikka olingan taqdirda muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.

Bolalarni oilaga tarbiyaga olish to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilishga oid nizolar sud tartibida hal qilinadi.

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘zlariga tegishli bo‘lgan aliment, shuningdek pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni olish, uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish hamda qonunchilikka muvofiq uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.

Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ham egadirlar. Bolaning manfaatiga daxldor har qanday masala oilada hal qilinayotganida bola o‘z fikrini bildirishga haqli.

Voyaga yetgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona bo‘lishlari mumkin. Quyidagilar bundan mustasno, jumladan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan shaxslar, qonun bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar, ilgari farzandlikka bola olgan, lekin sud tomonidan farzandlikka olish bekor qilingan shaxslar, qasddan qilgan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar hamda sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra bolani tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.

Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar o‘z huquqlaridan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini qo‘zg‘atishga haqli. Vasiylik va homiylik organlari oilaga tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini kuzatib boradilar.

Tutingan ota-onalarni tanlash vasiylik va homiylik organlari tomonidan amalga oshiriladi. Tutingan ota-ona tarbiyaga olingan bolaga nisbatan vasiylik huquq va majburiyatlariga egadir.

 – Er-xotin  ajrashsa, bola kim bilan qoladi?  

– Oila kodeksining 44-moddasida nikohdan ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida sud tomonidan hal etiladigan masalalar keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra nikohdan sud tartibida ajratilayotganda er va xotin voyaga yetmagan bolalari kim bilan yashashi, bolalarga va (yoki) mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj er yoki xotinga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash tartibi, bu mablag‘ning miqdori yoxud er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishga doir kelishuvni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim qilishlari mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha er va xotin o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda, ushbu kelishuv bolalar yoki er-xotindan birining manfaatlariga zid ekanligi aniqlangan taqdirda sud nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashini aniqlashi lozim.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish uchun ota-onaning qaysi biridan va qancha miqdorda aliment undirilishini aniqlashi, er va xotinning (ulardan birining) talabiga ko‘ra ularning birgalikdagi mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lishi, er (xotin)dan ta’minot olishga haqli bo‘lgan xotin (er)ning talabiga ko‘ra ana shu ta’minot miqdorini belgilashi shart.

Mol-mulkni bo‘lish uchinchi shaxslarning manfaatiga daxldor bo‘lgan hollarda sud mol-mulkni bo‘lish talabini alohida ish yuritish uchun ajratadi. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.

Demak, sud nikohdan ajratish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarish vaqtida nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ota-onasining qaysi biri bilan yashashini ham hal qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA