BRIKS yig‘ilishiga tayyorgarlik…

Yoxannesburgda 22-24 avgust kunlari o‘tadigan Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari – BRIKS yig‘ilishida Putin qatnashmaydi. Ushbu ma’lumotni mezbon – JAR ma’muriyati tasdiqladi.

O‘zaro kelishuvga muvofiq, sammit ishida Rossiyani tashqi ishlar vaziri Lavrov tamsil etadi. Putin esa yig‘ilishda videokonferens aloqa  tarzida ishtirok etadi.

Pandemiya zamonida videokonferensiya yig‘ilishlari o‘tkazish urfga kirdi – Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti ikki marta shu tarzda o‘tdi. Rossiya va Xitoy yetakchilari Tayvan va Ukraina tufayli G‘arbning g‘azabiga uchramaslik uchun avvalgidek emin-erkin boshqa davlatlarga borolmay qolishdi. Ular yig‘ilishlarda onlayn qatnashmoqda.

Rus rahbarining safarga chiqolmaslik sababini aksariyat siyosatchilar xavfsizlik masalasi emas, balki huquqiy cheklov bilan bog‘lashadi. Mart oyida Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidentini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi, hukmni bajarishga XJSga a’zo barcha mamlakatlar, xususan JAR ham majbur.

Prezident Ramafosa avvaldan rus hamkasbi hibsga olinmasligini, bunday harakat Moskvaga urush e’lon qilish bilan barobarligini aytib keladi.

Ekspertlar Janubiy Afrika avval ham XJS qarorini e’tiborsiz qoldirganini eslatishadi: JAR 2015 yil qurolli mojaro paytida insoniyatga qarshi jinoyatda, genotsidda ayblangan Sudan yetakchisi Umar Al-Bashirni qabul qilgan.

Alhol, bu ikki davrdagi siyosiy inqirozni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.

BRICS - Brazil, Russia, India, China, South Africa - BRIKS - грuппа из пяти  стран: Бразилии, России, Iндии, КНР, ЮАР - CNews

Gapning indallosi – JAR ikki o‘t orasida qolgan. Rossiyani tanlab, XJSdan chiqish G‘arb bilan aloqa uzilishiga olib kelishi mumkin. Putinga taklifnoma yubormaslik esa Moskva bilan munosabatga putur yetkazadi. Hech biri mamlakat manfaatiga to‘g‘ri kelmaydi. Pretoriya G‘arb bilan ham, Rossiya va Xitoy bilan ham munosabat sovuqlashishini istamaydi, deydi tahlilchilar.

Bir qarashda bu Janubiy Afrika muammosidek tuyuladi. Boshqa tomondan Putinning muzokara doirasida tashqari, telefonda aytib bo‘lmaydigan, quloqqa shivirlanadigan gaplari ham bordir…

Xullas, Kreml Siril Ramafosani noqulay vaziyatdan qutqardi!

Ayrim ekspertlar bu noto‘g‘ri yo‘lligini, boshqalari esa strategik foyda olish uchun tanlangan taktika ekanini aytishadi.

Qo‘shma Shtatlar keyingi oy Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarini o‘ziga og‘dirib, Rossiyani global ixotalashga urinib ko‘rmoqchi. BRIKS sammiti bilan bog‘liq inqiroz mazkur kampaniya muvaffaqiyatli yakunlanganini anglatmasa kerak. Moskvani qo‘llashni rad etish RFni izolyatsiyalashga avtomatik qo‘shilish ma’nosini anglatmaydi.

Soddaroq aytganda, Global Janub mamlakatlarining aksariyati haliyam betaraf pozitsiyada. Sammit bilan bog‘liq vaziyat ham shu neytralitetning bir ko‘rinishi.

Mutaxassislar ayni masalada ikki xil fikr bildirishadi – Putin JARga kelmasligi BRIKS nufuzini tushiradi yoki tashkilot faoliyatiga ta’sir qilmaydi.

Rossiya yetakchisining sammitda qatnashmasligi BRIKS harbiy-siyosiy tuzilma emasligini yana bir bor tasdiqlaydi. Blok emasmi, demak, samaradorlikka putur yetmaydi.

“Katta yettilik”dan farqli o‘laroq, BRIKSning yagona mafkurasi yo‘q. Bu suveren mamlakatlar birlashmasidagi har bir mamlakat mustaqil siyosat yuritadi, bir-birining fikrini qo‘llaydi.

Qolaversa, davlatlar dam-badam ikki tomonga og‘ib turadigan davrlar tarixda qolib ketgan. Qandaydir global e’tirozdan voz kechish yoki keskin xalqaro pozitsiyani egallash vaqti kelgan.

Masalan, SHHT shunday yo‘l tutdi – Amerika sanksiyasi ostidagi Eronni safga qabul qildi…

BRIKSdagi ayrim davlatlar, masalan, JAR, Braziliya, qisman Hindiston o‘z qarashiga ega. Buniyam tushunish kerak – Xalqaro jinoyat sudi qarori, tugamayotgan Rossiya – Ukriana inqirozi va hakozo…

Xullas, ikkilanishlar bor ekan, BRIKS ko‘p qutbli dunyo uchun mas’uliyatni hali zimmasiga ololmasligi ko‘rinmoqda…

Xitoy tashqi siyosatini o‘zgartirmoqchi…(mi?)

Xitoy yetakchisi Si Szinpin o‘tgan yil kuzda partiya va davlat rahbari etib uchinchi muddatga saylandi. Muxolifat tozalangan, siyosiy elita to‘liq nazorat ostida, Pekinning tashqi maydondagi obro‘-e’tibori joyida…

Kadrlar siyosatida ham hammasi ko‘ngildagidek (edi), go‘yo. O‘tgan oydagi voqea esa hammasi reja bo‘yicha ketmayotganini ko‘rsatdi.

25 iyul kuni mamlakat parlamenti tashqi ishlar vaziri Sin Ganni vazifasidan bo‘shatdi. Uning o‘rniga yoki o‘zining eski joyiga Van I qaytdi. Van 2013-2022 yillari vazirlikni boshqargan, o‘tgan yil oktyabrda Kompartiya Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi rahbarligiga “ko‘tarilgandi”.

Bor-yo‘g‘i uch oy oldin XXR Davlat kengashi a’zoligiga saylangan Sin Gan esa TIVni yarim yilgina boshqarishga ulgurdi.

Odatda Xitoy vazirlari kamida besh yil ishlab berishadi. Sinning kutilmagan iste’fosi ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Uning sirli ravishda g‘oyib bo‘lishi hamma ishlari reja asosida, nazoratli ketayotgan Xitoy obro‘-e’tiboriga jiddiy ziyon keltirdi.

Ganga nima bo‘lgani to‘g‘risida rasmiy xabar berilmadi. Xitoy siyosatining “oshxonasi doim yopiq”. Kuzatuvchilar o‘z farazlarini ilgari surishadi, xolos.

Sin oxirgi marta 25 iyunda Rossiya, Vetnam, Shri-Lanka tadbirida ko‘rinish bergan. Ekspertlar aytishicha, o‘shanda u biroz asabiy ko‘ringan. Aslida, tashqi siyosatning o‘zi asabiy ish emasmi?!

Norasmiy taxminga ko‘ra, u “ma’naviy voqea qurboni”ga aylandi. G‘arb davlatlari “maxsus xizmati diqqatini tortgan jihat” shuki, u gonkonglik taniqli jurnalist Fu Syaotyan bilan “sevgi-muhabbat” qissasi ishtirokchisiga aylangan. O‘tgan yil oxirida juftlikning nikohsiz farzandi dunyoga kelgan.

Sin 19 martda tug‘ilgan. Shu kuni Fu Syaotyan “Weibo” ijtimoiy tarmog‘ida o‘g‘lining surati bilan birga “Ota, tug‘ilgan kuning muborak bo‘lsin!” tabrigini joylashtiradi. Gonkong OAV bu haqda bong uradi…

Albatta, shugina voqea vazir ishdan ketishiga sabab bo‘lishi kerak emasdek. Zero, G‘arbda bunga o‘xshash, hatto, bundan battar misollar to‘lib-toshib yotibdi.

Sharqning nozikligi shunday paytda bilinadi…

Gan anglo-sakson mamlakatlari bo‘yicha malakali mutaxassis, 2021-2022 yillari AQSHda elchi bo‘lgan. Vazir lavozimida tashqi siyosatga ta’siri kam edi. Davlat rahbarining o‘zi hamma ishga bosh-bosh. Ijroni Markazqo‘mning tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi ta’minlaydi, de-fakto butun tashqi siyosatning kuratori sifatida.

69 yoshli Van I TIV yetakchiligiga vaqtincha qaytdimi yoki davlat rahbarining uchinchi muddati bitguncha shu lavozimda ishlaydimi – asosiy savol shu!

“Gan “sog‘ayib ketguncha” bo‘lsa, bir gap, yo yangi munosib nomzod topilgunchamikan?”, deya talqin qiladi mahalliy tahlilchilar.

Odatda bu “og‘ir vaznli” lavozimni Kompartiya Markaziy qo‘mitasi a’zosi, tajribali diplomat egallashi shart.

Ekspertlar shundaylardan biri sifatida 60 yoshli Lyu Xaysinni bilishadi. Yevropashunos, Fransiyada ishlagan, o‘tgan yil iyul oyida boshqa sohaga o‘tkazilgan – Kompartiya MQ davlat xavfsizligi kengashi devonxonasi rahbari o‘rinbosari etib tayinlangan. Kuzga borib Markazqo‘m a’zoligiga qabul qilingan.

Mazkur lavozim vazir mavqeiga teng. Davlat xavfsizligi kengashi o‘ta obro‘li tizim, tashqi siyosatning muayyan yo‘nalishlarini belgilaydi.

Yana bir nomzod – 59 yoshli Lyu Szyanchao Buyuk Britaniyada o‘qigan, ishlagan. Keyinroq Filippin va Indoneziyadagi diplomatik vakolatxonalarni boshqargan. Hozir u Markazqo‘mda xalqaro aloqalar bo‘limini boshqarmoqda, ya’ni partiyalararo aloqaga javobgar.

Xitoyning hozirgi tizimida tashqi ishlar vaziri tashqi siyosatni belgilash va amalga oshirish ustidan nazorat bilan shug‘ullanmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu ish yuqori partiya tizimi zimmasida.

Albatta, hech kim Si Szinpin chizib bergan chiziqdan chiqmaydi…

“Don shartnomasi” yo‘llari…

Rossiya don shartnomasi talabi bajarilmasa, “o‘yin”dan chiqishini bir necha marta takrorlagan. 17 iyulda voqea sodir bo‘ldi. Bu to‘g‘rida avvalgi yozuvimizda ma’lum qilgan edik.

Har holda, Qora dengiz don tashabbusi salkam bir yil amalda bo‘ldi. Istanbulda imzolangan kelishuvni Turkiya o‘zining yirik diplomatik g‘alabasi, deya jar soldi. O‘sha nashidani qaytarish uchun Anqara Ukraina, BMT va Rossiyani muzokara stoliga chorlamoqchi…

Erdog‘an 7 iyul kuni Turkiyadagi uchrashuv chog‘ida Zelenskiyga don yo‘lagi davom etishini ta’kidladi. Faqat shartnomani kamida uch oyda yangilash taklifi berildi – oxirgi marta u ikki oy uchun imzolangan.

Turk yetakchisi Putin ham don shartnomasi uzaytirilishini istaydi, deya o‘smoqchilaydi. Bu orada TIV rahbarlari Lavrov va Fidan telefonda Ukraina va G‘arb davlatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan holda mahsulot yetkazib berishning muqobil yo‘llarini muhokama qilishadi.

Turkiyalik ekspertlar ruslar shartnomaga qaytmasa, Ukraina bardargohlaridan donni olib chiqish ancha og‘ir bo‘lishini urg‘ulashadi. Kemachilik kompaniyalari uchun Qora dengiz akvatoriyasidan yuk tashish ancha xavfli. Ukraina mahsulotini tashishda, avval ham yozganimizdek, temir yo‘ldan foydalanish taklifi bildirilyapti. Hozircha eng maqbuli Ruminiya portlari, deb hisoblanmoqda. Bu yo‘l don eksporti miqdorini qisqartirib, transport xarajatini oshiradi…

Bosfor bo‘g‘ozi orqali yuk tashish kamayadigan bo‘lsa, Turkiyaning qator tarmoqlari zararga kiradi. Birinchi navbatda, dunyoda yetakchi o‘rinni egallab kelayotgan un sanoati qahatga uchraydi. Unni qadoqlash, sotish shirkatlari samaradorligi tushib ketadi.

Rossiyaliklar Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazini tark etdi. Turklar ular qaytishiga ishonyapti.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli don shartnomasini tiklash jarayonida turklarga ishonishini aytdi. Afsuski, g‘arbliklardan hech kim ruslarning doni, mineral o‘g‘iti haqida og‘iz ochmadi…

Tahlilchilar yaqin kunlarda Erdog‘an va Putin telefon orqali suhbatlashishini taxmin qilyapti. Rossiya yetakchisi avgust oyida Turkiyaga tashrif buyurishi kun tartibda turibdi, o‘zgarmagan. O‘shanda dolzarb don masalasi bosh mavzu bo‘ladi.

Turkiyada don ombori tashkil etish istiqboli o‘tgan yildan beri muhokamada. O‘tgan yil noyabr oyida Un sanoati federatsiyasi rahbari Eren Gunxon Ulusoy Rossiya bu yangi g‘oyaga ijobiy qarayotganini aytdi.

Loyihaga ko‘ra, omborda don yotib qolmaydi, qaysidir qismi un zavodida qayta ishlanadi, mamlakat bo‘ylab tarqaladi. Rossiyada so‘nggi yillarda kuzatilayotgan hosil rekordi kishini shoshirib qo‘ymoqda: o‘rib-yig‘ib olish, donni saqlash va eksport qilish muammosi… avvalo, fermerlarni qiynamoqda.

Mahalliy quvvat mahsulotni qayta ishlashga yetmaydi, chet el bozori esa mamlakat uchun tobora yopilib bormoqda. Turkiya ayni masalada Rossiyaga ko‘makchi, a’zo davlat sifatida NATO mazkur gumanitar masalaga to‘g‘ri yondashishidan umidvor.

Aslida, Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalar uchun Anqara G‘arbdagi ittifoqdoshlari tanqidiga uchrayapti. Faqat… Qora dengiz don tashabbusi biroz nozik masala…

Turkiya yetakchisi, bir yarim yildirki, Rossiya va Ukraina rahbarlarini bir oraga keltira olmayapti. Bir muddat global oziq-ovqat inqirozining oldini olishga erishgandi, bugun ayni muammo yana dunyo kun tartibiga chiqdi.

Buyuk maqsad – yana Rossiyani don shartnomasiga qaytarish!

Vazifa qanday uddalanadi, buni vaqt ko‘rsatadi…

Bugungcha shu!

Sentyabr oyida xabarlashguncha!

Abror G‘ulomov,

O‘zA siyosiy sharhlovchisi