Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Beshariqda aniqlangan zaxiralar hisobiga, joriy yilda 100 million dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlash va qo‘shimcha 10 milliard so‘m soliq tushumini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar borligi aytildi.  

Bu orqali joriy yilning o‘zida 14 ming aholi doimiy ish joyi, daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Prezident Farg‘onada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar “safarbarlik” e’lon qildi.

Har bir tuman uchun yil yakunigacha kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Xususiy loyiha tashkilotlarini olib kelib, Farg‘onadagi barcha tumanlarning master-rejalarini ishlab chiqish, yerlarning bozor qiymatini aniqlab, tadbirkorlarga taklif qilish vazifasi qo‘yildi.

Minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgani sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi. Shu bois mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Farg‘onada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i M.Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilish yakunida hudud va sohalar rahbarlarining hisoboti tinglandi.

O‘zA