Qo‘qon shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirildi.  

Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qo‘shimcha zaxiralar aniqlandi va tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq loyihalar shakllantirildi.

–Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.

Davlatimiz rahbari Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Jumladan, Quva tumanida yaroqsiz holga kelib qolgan “Quva-2” nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berish va 9 milliard so‘m investitsiya evaziga zamonaviy uskunalar o‘rnatib, elektr xarajatlarini oyiga 2,5 milliard so‘mdan 360 million so‘mga, ya’ni 7 barobarga qisqartirish mumkin.

Bundan tashqari, “Karkidon” suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan zamonaviy turizm zonasini tashkil qilish mumkin.

O‘zA