O‘zining tarixiy obidalari, aziz qadamjolari bilan dunyo e’tirofi va e’tiboriga sazovor bo‘lib kelayotgan Samarqand yana bir betakror maskanga ega bo‘ldi.

Mahalliy aholi “Chashma” deb atovchi qadimiy buloq joylashgan hududda tashkil qilingan yangi dam olish maskani – “Crystal Garden Samarkand”ning umumiy maydoni 10 ming kvadrat metr.

Eng muhimi, bu hudud yurtimiz tashrif qog‘oziga aylangan Registon maydoni yaqinida joylashgan. Shaharning qadimiy hududida tashkil qilingan maskan havo harorati ko‘tarilgan bugungi kunlarda mahalliy va xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb etishi tabiiy.

– Ko‘rib turganingizdek, butun maydon atrofi favvoralar bilan o‘ralgan, – deydi tadbirkor Haydar Bagirov. – Maqsadimiz aholi, sayyohlarning qadimiy shaharda tabiat, zamonaviy arxitektura va texnologiya uyg‘un maskanda maroqli hordiq chiqarishiga sharoit yaratishdan iborat. Maskan mavsumiy faoliyatga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda kafe, restoran tashkil qilinib, ochiq havoda xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, bog‘da konsert dasturlarini o‘tkazish uchun ham sahna tashkil qilingan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, havo harorati baland bo‘lganda ham bu yerda mo‘’tadil havo saqlanib turadi. Ayni paytgacha amalga oshirilgan qurilish, bunyodkorlik ishlarining qiymati 3 million AQSH dollaridan oshdi. Loyihamiz hali to‘liq yakunlangani yo‘q. Loyiha bo‘yicha qadimiy buloq atrofini ham obodonlashtirib, hududni obod maskanga aylantirishimiz zarur.

Tadbirkorning qayd etishicha, ushbu loyiha Jahon rekordlari ittifoqining “Bir muassasadagi eng uzun kombinatsiyalangan favvoralar uzunligi” yo‘nalishida jahon rekordlari yilnomasidan joy oldi.

Bog‘da 225 metrlik betakror dizayndagi favvoralar mavjud bo‘lib, o‘ziga xos landshaft dizayn tashrif buyuruvchilarga unutilmas kayfiyat ulashadi.

Ushbu loyiha 2024 yilda to‘liq yakyniga yetkazilib, keyingi yil yozgi mavsumdan ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

G‘. Hasanov,

A. Isroilov (surat), O‘zA