O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida milliy san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan bir guruh ijodkor ziyoli o‘qituvchilar ilmiy unvonlar bilan taqdirlandi.

Tadbirda mamlakatimizda madaniyat, san’at, adabiyot vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi “Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni 7-bandiga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilarning ijodiy faoliyati natijalari quyidagilarga tenglashtirilgan edi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi” faxriy unvonlari ― professor ilmiy unvoniga tenglashtirilgan. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari ― dotsent ilmiy unvoniga tenglashtirildi.

Tantanali tadbirda san’at yo‘nalishidagi ustoz san’atkorlarning 24 nafariga professorlik ilmiy unvoni guvohnomalari, 27 nafariga dotsentlik ilmiy guvohnomalari tantanali topshirildi. Professorlik ilmiy unvoniga loyiq topilgan ustoz san’atkorlar safida O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Gavhar Zokirova, Alisher Ikromov, Kozim Qayumov, Abduhoshim Ismoilov, Ozodbek Nazarbekov va yana boshqa ko‘plab milliy san’atimiz darg‘alari borligi e’tiborlidir.

–Biz juda baxtli san’atkorlarmiz, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etildi. Aslida estrada juda mas’uliyatli va murakkab yo‘nalish. Yoshlarga mazkur yo‘nalishda saboq berishga qo‘ldan kelganicha harakat qilyapmiz. Keyingi yillarda san’atimiz rivoji yo‘lida tarixiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Umrimiz, kuchimiz boricha milliy san’at rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, ijodkor ziyolilarga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri