Yurtimizda 2016 yildan boshlangan tub islohotlarp natijasida hayotimizning barcha jabhalari qatori Haj marosimini tashkil qilish tizimida ham keskin sifat o‘zgarishlari yuz berdi. Saudiya Arabistonining Haj amallarini bajarish hududlaridagi sharoitlar tubdan yaxshilandi, Hajga jo‘natish kvotalari uch baravar oshirildi va 2023 yilda u 15 mingga yetkazildi. Kvotalar ko‘paygani tufayligina mening Hajga borish navbatim 2023 yilda yetib keldi. Shu tariqa, bu yil muqaddas Haj marosimini ado etish baxtiga musharraf bo‘ldim.
“Inson qadri hamma narsadan ustun” tamoyili mamlakatimiz siyosatining eng ustuvor jihatlaridan biri ekani va bu g‘oya hayotimizga tatbiq etilayotganiga Haj marosimida yana bir bor amin bo‘ldim.
Hajga puxta tayyorgarlik ko‘rildi
Hajga borayotgan shaxslarni ulug‘ marosimga puxta tayyorlashga mutasaddilar alohida e’tibor qaratishdi. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov tomonidan yozilgan “Haj buyuk ibodatdir” nomli 2 jildli qo‘llanma 15 ming kishiga tarqatildi. U cho‘ntakka sig‘adigan kichik shaklda, bejirim qilib tayyorlangan. Kitobda barcha Haj amallari va ularni qay tartibda bajarish, o‘sha paytlarda o‘qiladigan duolar batafsil bayon qilingan.
Bundan tashqari, mahalla fuqarolar yig‘ini, masjid, tuman miqyosida o‘tkazilgan yig‘ilishlar hamda bizga ellikboshi qilib biriktirilgan Hasan domla tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda ham bu masala hamisha diqqat markazida bo‘ldi. Bu borada bizga har bir Haj amalining eng nozik jihatlarini chuqur tushuntirgan Hasan domlaning xizmatlari juda katta bo‘ldi.
Transport – Hajda juda muhim vosita
Toshkentdan zamonaviy samolyotda Madinai Munavvara shahriga uchib bordik. Aeroportdan mehmonxonaga avtobuslarda olib kelishdi. Hajning barcha amallarini bajarishga hamisha avtobuslarda olib borishdi. Mino, Arafot, Muzdalifa kabi barcha hududlarda avtobuslar xizmatimizga shay turishdi. Biz transport qidirishga vaqt va qo‘shimcha mablag‘ sarflaganimiz yo‘q. Hammasi Saudiya Arabistonining tegishli idoralari bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirildi. Bu Haj amallarini bajarishda o‘ta muhim omil bo‘ldi. Chunki issiq haroratda ko‘chada taksi ushlash ortiqcha tashvish, ko‘p vaqt va xarajatlarga sabab bo‘lardi.
Avtobuslar qat’iy grafik asosida qatnab, mehmonxonadan islom olamining eng buyuk masjidlaridan biri bo‘lmish Masjidul-Haromga olib bordi va u yerdan mehmonxonaga qaytardi.
Shinam va qulay mehmonxonalar
Fazilatli Madina shahrida “Pulman zam zam” nomli mehmonxonaga joylashdik. Mehmonxona islom olamining eng buyuk masjidlaridan biri bo‘lmish “Masjidi Nabaviy” oldida joylashgan. Namozlarga piyoda qatnaymiz. Payg‘ambarimiz Muhammad SAVning Ravzai muboraklari (qabrlari) ham shundoqqina “Masjidi Nabaviy”ning yonida ekan. Uni Shayx Alijon qori hazratlari rahbarliklarida ziyorat qildik.
Madinai Munavvarada 3 kun turgandan keyin zamonaviy avtobuslarda Makkai Mukarrama shahriga keldik. “Roshidiya” nomli zamonaviy, hamma sharoiti bor, 9 ming kishi sig‘adigan mehmonxonaga joylashtirildik. Qolgan 6 ming vatandoshimiz yonimizdagi mehmonxonalarga joylashdi.
Hojilarga ma’lumki, Haj amallarining asosiy qismlari 5 kun mobaynida Makka shahridan taxminan 10 kilometr masofada joylashgan Mino vodiysi, Arafot, Muzdalifa, Jamorot hududlarida, ya’ni ochiq maydonlarda bajariladi. U yerlarda chodirlarda yashadik. Yashash joylarimizda har bir kishi uchun toza matodan tayyorlangan oppoq choyshablar solingan yumshoq yotish o‘rinlari bor. Sovutgichlar 24 soat chodirlarni sovutadi. Har qadamda salqin ichimliklar bilan to‘ldirilgan maxsus idishlar qo‘yilgan. Chodirlar oldiga qo‘yilgan samovarlarda suv hamisha qaynab turadi, ko‘k, qora choy, kofe, shakar, quruq sut bilan muttasil ta’minlanadi. Choyxo‘r xalq ekanligimiz hisobga olingan shekilli, bu ne’matlardan foydalanishga hech qanday cheklov qo‘yilmagan.
Hajda ham o‘zbekona ovqatlar
O‘zbekistondan Hajga borganlar hamma vaqt va hamma joyda 3 mahal issiq ovqat bilan ta’minlanishdi. Oshpazlar o‘z yurtimizdan borgan ekan, ovqatlari o‘zbekona edi. Deyarli har ikki kunda osh yedik. Ovqatlar sifatli, kaloriyali va xilma-xil. Ular suyuq va quyuq ovqat, turli mevalar sharbatlari, banan, olma yoki nok, salatlar, yogurt yoki kefir, shirinlik, non, suv, choy, kofe, shakar, quruq sutlardan iborat.
Yurtimizda inson qadri shunchalik azizki, ovqatlarning sifatli va boy menyusi shahardan tashqarida, ya’ni Mino vodiysida ham o‘zgarmadi. Faqat u yerlarda ovqatlar 3 mahal bir martalik plastik idishlarda tarqatildi. 15 ming odamga suyuq va quyuq ovqatlarni issiq holida yetkazib berish juda qiyin ekanligini tasavvur qilish mumkin.
Kezi kelganda ta’kidlash lozimki, qator davlatlardan borgan hojilarga ovqatlanish yo o‘sha yerlardagi sahovatli insonlar ehsonlari, yoki o‘zlari hisoblariga tashkil qilindi. Bu esa ularni anchagina qiynadi,qo‘shimcha tashvishlar va ortiqcha xarajatlar qilishgamajbur qildi.
Sumka, joynamoz va boshqa qulay anjomlar
Haj amallarini bajarish chog‘ida joynamoz, termos va boshqa kerakli jihozlarni solib yuradigan qulay va ko‘tarib yurish oson bo‘lgan sumkaning o‘rni katta. Bu yil 15 ming hoji ta’minlangan sumkalar ko‘p funksiyali, hajmi katta va yelkaga osib yurishga o‘ta qulay bo‘ldi.
Sumkalar sizni ko‘cha-ko‘yda adashib qolmasligingizga yordam beradi. Chunki yo‘lingizni topa olmay qolsangiz, sumkaning ustidagi “O‘zbekiston” degan yozuvi orqali egasi o‘zbekistonlik ekanligini bilish mumkin. Bundan tashqari, har bir sumkaning yonidagi maxsus bo‘lmaga ism-familiyamiz, viloyat yoki shahrimiz nomi hamda guruhimiz nomeri yozilgan qattiq qog‘ozda maxsus tayyorlangan qog‘ozcha joylashtiriladi. Sumkaning maxsus bo‘lmasiga joynamoz ham solib qo‘yilgan.
Har birimizga soyabon, 1 litrli termos, Muzdalifa tog‘ida bir kecha tunash uchun maxsus uxlash qopi ham berildi.
Bular bir qarashda mayda ikir-chikirlarga o‘xshaydi, lekin ular aslida o‘ta muhim. Chunki bular inson qadri baland yurtning fuqarolariga Haj amallarini bajarishda juda katta qulayliklar tug‘dirdi. Orqa tomoniga katta harflar bilan “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan nimchalarimizni kiyib, sumkalarimizni yelkamizga ilib olib ko‘chalarda yursak, boshqa davlatlar fuqarolari ichida yaqqol ajralib turdik. Bilganicha va turli-tuman kiyinib olgan boshqa davlat vakillari bizga havas bilan qarashlarini ko‘rib, faxrlandik.
Zamonaviy va ko‘p funksiyali beyjiklar
O‘zbekistonning Haj marosimini tashkil qiluvchi mutasaddi idoralari hojilarga 3 xil beyjik tayyorlabdi. Mazkur beyjiklar bizga Makka, Madina shaharlari va Haj amallarini bevosita bajaradigan hududlarga erkin kirish huquqini berdi.
Mazkur beyjiklarni tayyorlashda mutasaddi idoralar hojilarga qulayliklar yaratish maqsadida unga qo‘shimcha qator ma’lumotlarni ham kiritishibdi.
Bular nimalarda ko‘rinadi? Tan olish kerakki, Hajga borayotgan ko‘pchiligimiz arab tilini bilmaymiz. U yerlarda xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarning aksariyati mehnat muhojirlari bo‘lib, turli davlatlardan kelishgan. Bir-birimizning tilimizni bilmaganimiz uchun ular bilan muloqot qilish anchagina qiyin. Ko‘chaga chiqsang ham birovdan yo‘lni so‘rab bilishga qiynalasan.
Mutasaddilarimiz aynan shularni o‘ylab, beyjiklarga qo‘shimcha ma’lumotlar kiritishibdi. Ya’ni, beyjiklarning ikkitasiga QR-kod o‘rnatilgan va ularga sizning shaxsingizga tegishli eng muhim ma’lumotlar kiritilgan. Har biri pishiq tasmaga ulangan va biz ularni bo‘ynimizga osib olgan holda hamma joyda bemalol yurdik, adashib qolishdan qo‘rqmadik.
Haj marosimini tashkil etishdagi qulayliklar katta yoshdagi vatandoshlarimizga ham Hajga borish imkoniyatlarini oshirgan. Oramizda 80 va undan katta yoshdagi hojilarni ko‘p ko‘rdik. Hatto Namangan viloyati Namangan tumanidan 107 yoshli mo‘’tabar Ibrohimjon hoji ota ham Hajga boribdilar. Biz u kishini ziyorat qildik va duolarini oldik.
Muxtasar aytganda, yurtimizda inson qadri hamma narsadan aziz ekanligiga muqaddas Haj ziyoratida ham amin bo‘ldim. Hatto uzoq Saudiya Arabistonining Haj marosimini ado etish hududlarida ham bizga qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotganining guvohi bo‘ldim.
Odamlar bilan suhbatlashish, o‘ylashga imkon bo‘ldi. Turli kasb egalari bilan, qo‘shni davlatlar hojilari bilan ham gaplashdim. Haj masalasida ular bilan farqimiz juda katta ekan. Qulay, hashamatli va ziyoratgohlarga yaqin joylashgan mehmonxonalar, ulardagi sharoitlar, 3 mahal sifatli va kaloriyali oziq-ovqat, Haj amallarini bajarish uchun hamisha avtobuslar bilan ta’minlash kabi holatlarda “Inson aziz, uning qadr-qimmati hamma narsadan baland” g‘oyasi yaqqol namoyon bo‘lmoqda!
Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
O‘zA