Yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashda Kinologiya va kavaleriya xizmatining o‘ziga xos o‘rni bor. Chegarachilarimizning sodiq do‘sti va hamrohi bo‘lmish xizmat hayvonlarining Kinologiya va ot sporti bo‘yicha Respublikamiz va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan turli nufuzli musobaqalarda qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgani ham alohida e’tibor va e’tirofga sazovor.

Xususan, Rossiya Federatsiyasining Smolensk viloyati Vyazma shahrida joylashgan Kinologiya o‘quv markazi hududida bo‘lib o‘tgan MDH Chegara qo‘shinlari kinolog mutaxassislarining “Ilg‘or kinolog” musobaqasida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari jamoasi ham munosib ishtirok etdi.

Qizg‘in va shiddatli kechgan musobaqaning “To‘siqlar yo‘lagidan o‘tish” shartida sodiq do‘stlari bilan birgalikda eng yuqori natijani qo‘lga kiritgan chegarachilarimiz, “Xizmat hayvonlarini qo‘lga o‘rgatish umumiy kursi” hamda “Portlovchi va giyohvand moddalarni izlash va topish” yo‘nalishlarida ham yaxshi natijalarni ko‘rsatishdi. Olti mamlakat jamoasi ishtirok etgan mazkur musobaqa yakuniga ko‘ra, DXX Chegara qo‘shinlari jamoasi 931 ball to‘plab, umumjamoa hisobida faxrli 2-o‘rinni egalladi. G‘oliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan maxsus kuboklar, medallar, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Navbatdagi g‘alaba bilan mamlakatimizga qaytgan jamoa a’zolarini Jizzax viloyatidagi harbiy qismlarning birida tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olganlar ishtirokchilarni erishilgan natija bilan qutlab, bunday yutuqlar bardavom bo‘lishini tiladi. Shundan so‘ng, “Ilg‘or kinolog” xalqaro musobaqasining g‘olib ishtirokchilari – II darajali serjant Jonibek To‘rayev va kichik serjantlar Rafiq Teshaboyev hamda Mirjahon Abduvaliyevlarga yuqori qo‘mondonlik nomidan minnatdorlik bildirilib, kubok, medal va yorliqlar tantanali tarzda topshirildi.

– Musobaqada men o‘zimning “Valensiya” laqabli xizmat itim, Rafiq va Mirjahon esa “Dana” va “Viksel” laqabli xizmat itlari bilan ishtirok etdi, – deydi  II darajali serjant Jonibek To‘rayev. – Yillar davomida egallangan malaka va tajriba bizga katta yordam berdi. Sodiq hamrohlarimiz ham yuzimizni yerga qaratmadi. Albatta, bunday musobaqalar bizni yanada toblab, yangi-yangi marralar sari undaydi. Bu yil 2-o‘rinni egallagan bo‘lsak, kelgusi yilda bundan-da yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rib, yurtimizga mutlaq g‘alaba bilan qaytishni maqsad qilganmiz.

Nilufar Bozorova, O‘zA