Turkiyaning Balikesir shahrida «Madaniy va tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish» mavzusida uchinchi xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda.

Ham onlayn, ham offlayn formatda o‘tkazilayotgan xalqaro simpozium Balikesir universiteti, Istanbul universitetining yuridik fakulteti huzuridagi ma’muriy huquq, fan va ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, Istanbul tijorat universiteti, Toshkent moliya instituti va Toshkent iqtisodiyot universiteti, Boku davlat universitetining yuridik fakulteti, Ozarbayjon davlat bojxona qo‘mitasi akademiyasi, L. N. Gumilyov nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti kabi qator xalqaro oliy o‘quv yurtlari ko‘magida tashkil etildi.

Xalqaro simpoziumdan ko‘zlangan asosiy maqsad, bu – ma’muriy huquq va ma’muriy yurisdiksiya sohasidagi yangi yutuqlar to‘g‘risida ilmiy munozaralar o‘tkazish va ma’lumot almashish uchun maydon yaratishdan iborat.

Simpoziumda ma’muriy huquq va ma’muriy yurisdiksiya sohasida tajribaga ega bo‘lgan ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar, shuningdek, amaliyotchilar ham ishtirok etmoqda.

Xalqaro simpoziumning ochilishida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzachi O‘zbekistonda madaniy meros ob’ektlari muhofazasiga doir davlat siyosati, bu boradagi qonunchilik va amaliyotga to‘xtalib o‘tib, ishtirokchilarni madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butun yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan tanishtirib o‘tdi.

–  O‘zbekiston jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, o‘zining boy milliy davlatchilik tarixiga ega bo‘lgan mamlakatlardan biri sanaladi, – dedi E.Tulyakov. – O‘zbekistonda 2023 yil 1 yanvar holatiga 8 210 ta madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lib, ulardan 209 tasi YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Albatta, mamlakatimizda mavjud tarixiy-me’moriy obidalar, ziyoratgohlar, yodgorliklar va qadamjolarni saqlash, obodonlashtirish ularni kelajak avlodga bezavol yetkazib berish borasida mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirilgan va u doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

O‘zbekiston xalqining umummilliy boyligi bo‘lmish madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Ta’kidlash joizki, madaniyat ob’ektlarini asrab-avaylash haqida so‘z borganda, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tarixiy-madaniy merosni saqlab qolish bilan bog‘liq ishlarda jamiyatning fuqarolik pozitsiyasi sezilarli darajada o‘sdi. Xususan, mamlakatda fuqarolik jamiyati shakllanishining umumiy ko‘rsatkichi bo‘lgan jamoatchilik nazorati kuchaydi. Eng muhimi, mamlakatda moddiy madaniy merosni asrash va undan oqilona foydalanishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar va fuqarolarning ishtiroki ham ancha faollashdi.

Uchinchi xalqaro simpozium o‘z ishini davom ettirmoqda.

O‘zA