Bozorlardagi tarozilar savdo talabiga javob beradimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida bozorlardagi savdo nuqtalari zamonaviy elektron tarozilar bilan to‘liq ta’minlanishi lozimligi belgilangan.

Savdo jarayonlari halol bo‘lishi, ayniqsa, do‘kon va bozorlardagi tarozilarning to‘g‘ri ishlashi, o‘z vaqtida standart talablari asosida metrologik tekshiruvlarda o‘tkazib turilishi maqsadga muvofiq. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Shu kabi savollar yuzasidan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bo‘lim boshlig‘i Qutlimurod BABASHEVning fikrlari bilan qiziqdik.

– Bugungi kunda respublikamiz dehqon bozorlarida qancha savdo o‘rinlari mavjud?

– Respublika dehqon bozorlaridagi jami savdo o‘rinlari soni 103262 tani tashkil etib, shundan tarozi talab etiladigan savdo o‘rinlari 33589 tadan iborat. Ikkita savdo o‘rni uchun 1 dona tarozi hisobida jami 16795 dona tarozi talab etiladi. Hozirgi kunda dehqon bozorlarida jami 20815 dona tarozidan foydalanilmoqda.

– Bozorlardagi tarozilarning tartiblari bo‘yicha Texnik jihatdan tartibga solish agentligi qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

– Agentligimiz tomonidan respublika dehqon bozorlarida o‘rganishlar o‘tkazilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlar natijasida jami 20815 dona tarozidan 11672 donasi, ya’ni 56 foizi metrologik tekshiruvdan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘ldi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, tekshiruvdan o‘tgan tarozilar to‘g‘ri ishlamoqda.

– Qolganlari-chi?..

– “Qo‘yliq dehqon bozori”ga tegishli 193 dona, “Farhod dehqon bozori”ga  tegishli 200 dona hamda “Chilonzor dehqon bozori”ga tegishli 20 dona elektron tarozi qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilmasdan foydalanilayotgani aniqlandi. Shuningdek, “Aviasozlar dehqon bozori”da 950 dona tarozi talab etilishiga qaramasdan hozirgi kunda 7 dona tarozi metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan, xolos. “Sirg‘ali dehqon bozori”ga tegishli 1 dona ham elektron tarozi mavjud emasligi iste’molchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

– Talabga javob bermaydigan tarozilardan bila turib foydalanilsa, sotuvchiga nisbatan qanday chora ko‘rilishi mumkin?

– Bu o‘rinda men sotuvchilarni ayblay olmayman. Negaki, bozorlar hududidagi barcha ishlarni tashkil etish ularning ma’muriyatiga tegishlidir. Aynan savdo o‘rinlarini tarozilar bilan ta’minlash va iste’molchilarning roziligi yo‘lida ushbu tarozilar to‘g‘ri va aniq ishlayotganligini nazorat qilish, saqlash, 12 oyda bir marotaba metrologik tekshiruvdan o‘tkazish hamda nosozlarini foydalanishdan chetlatish bozorlar ma’muriyati vakolatida.

– Mamlakatimizdagi mavjud bozorlarni to‘liq yangi tarozilar bilan ta’minlash uchun qanday ishlar amalga oshirilishi lozim?

– Hududlardagi davlat soliq idoralari, hokimliklar huzuridagi munitsipal aktivlarni boshqarish markazlari hamda dehqon bozorlari ma’muriyati birgalikda yangi tarozilar bilan ta’minlash ishlarini tashkilashtirishi maqsadga muvofiq.

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV suhbatlashdi.