Nukus xalqaro aeroporti “Uzbekistan airways” aviakompaniyasining “Jidda – Nukus” yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan havo laynerini qabul qildi.

Aeroportda qoraqalpog‘istonlik 350 nafar Haj ziyoratchilari tantanali kutib olindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati qozisi o‘rinbosari B.Razov, qoziyat xodimlari, imom xatiblar, Nukus shahridagi o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchilari, ziyoratchilarning yaqinlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Muborak Haj ziyorati davomida musulmon kishiga sunnat, farz va vojib amallarini ado etib, yurtimizga omon qaytdik, – deydi Qudaybergen Uteniyazov. – Haj ziyoratini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun barcha tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilganligi, ziyoratchilarga hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan sharoit natijasida niyat qilgan barcha amallarni to‘la ado etishga muvaffaq bo‘ldik. Ibodatlar chog‘ida bugungi baxtli kunlarda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovon hayot, daryomizda suv mo‘l bo‘lishini tilab duo qildik. Yaratib berilgan bunday sharoit uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildiramiz. Shu kunning o‘zida ziyoratchilar o‘z manzillariga kelib, oila a’zolari va yaqinlari bilan diydorlashdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri