Tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda “O‘zbekneftgaz” AJga kelib tushgan murojaatlar soni 2023 yilga nisbatan 26 foizga kamaygan.

2024 yilda “O‘zbekneftgaz” AJga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 708 ta murojaat kelib tushdi. Bu natija 2023 yilga nisbatan 26 foizga kamayishni ko‘rsatmoqda. Murojaatlar sonining kamayishi tashkilot faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar va aholi bilan samarali muloqotni ta’minlashga qaratilgan choralar natijasida amalga oshgan.

Jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 643 tani, yuridik shaxslardan esa 65 tani tashkil etdi. Ularda quyidagi masalalar ko‘tarilgan: ishga joylashish bilan bog‘liq murojaatlar 156 ta, yoqilg‘i ta’minoti masalalari 80 ta, ish haqi va moddiy yordam 77 ta, mehnat munosabatlari 64 ta, rahbarlarning noqonuniy harakatlari 41 ta, gaz ta’minotiga doir masalalar 39 ta, boshqa yo‘nalishlardagi esa 251 ta.

Murojaatlarning 575 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lib, 92 ta murojaat bo‘yicha tushuntirishlar berilgan, 34 tasi rad etilgan va 7 tasi hozirda ko‘rib chiqilmoqda.

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali kelgan 265 ta murojaatning 255 tasi ijrosi ta’minlandi, qolgan 10 tasi bo‘yicha ish davom etmoqda.

Shuningdek, rasmiy veb-saytdagi “Onlayn-maslahatchi” xizmati orqali 2 ming 786 ta, “Ishonch telefoni” orqali esa 1 ming 544 ta murojaat bo‘yicha tezkor javob va tushuntirishlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, murojaatlar bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sohada shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi va aholi bilan samarali muloqotni yanada rivojlantiradi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA