XX asr turk hikoyachiligining  taraqqiyot tamoyillari

XX asr turk hikoyachiligi qator poetik bosqichlarni bosib o‘tdi. Turk folklori, an’anaviy Sharq mumtoz poetikasi, XX asr turk hikoyanavisligi taraqqiyoti tamoyillari, jahon nasri an’analari yangi turk hikoyachiligi poetik tamoyillarining yuzaga kelishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Bu jarayonda individual ijodkorlar iste’dodi, badiiy mahorati muhimligi “XX asr turk hikoyachiligining taraqqiyot tamoyillari” nomli ilmiy tadqiqotimizda tadqiq etildi. 
Zamonaviy turk adabiyotida realistik hikoyaning yuzaga kelishi xalq ijodiyoti teran ildizlariga borib taqaladi. Turk folklorida mavjud mif, afsona, ertak, tahkiye, xalq hikoyalari va hikoyatlari zamonaviy hikoyaning paydo bo‘lishi uchun asos vazifasini bajargan. Xalq dostonlari, xususan, «Kitobi Dada Qo‘rqut» hikoyalarining ham turk realistik hikoyachiligidagi ilk shakllanish jarayoni uchun ahamiyati cheksiz. Ayni paytda, turk mumtoz adabiyoti vakillari tomonidan arab, fors adabiyotidan qilingan tarjimalar, milliy an’analar ta’sirida paydo bo‘lgan turk mumtoz hikoyanavisligi an’analari,  XIX asr oxirlariga kelib, jahon hikoyachiligi, xususan, fransuz hikoyachiligidagi hikoya janriga xos xususiyatlarni turk hikoyasi bilan sintezlash asosida milliy hikoya janri yangi badiiy tamoyillar bilan boyidi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida turk hikoyachiligi o‘ziga xos  shakllanish, takomil bosqichlarini bosib o‘tdi. Tanzimot hodisasi turk realistik hikoyachiligi uchun muhim o‘rin tutdi. Jahon va G‘arb madaniyati bilan tizimli ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, xalq ijtimoiy hayoti, maishiy turmushi, dunyoqarashi, psixologiyasida ro‘y bergan o‘zgarishlar, birinchi navbatda, eng faol nasriy janr – hikoyada o‘zining badiiy ifodasini topdi. «Sarvati  Funun» davriga kelib, san’atning tarbiyaviy roli bilan bir qatorda, uning eng muhim va azaliy funksiyasi – o‘quvchida estetik zavqni kamol toptirish oldingi planga chiqdi. «Fejri Oti» ijtimoiy-madaniy harakati vakillari adabiyotni ijtimoiy, falsafiy qarashlar vositasi sifatida emas, aynan maqsadning o‘zi sifatida talqin qildilar. Adabiyot markaziga «go‘zallik» kategoriyasi ko‘tarildi. Uslubda noan’anaviylik, ramziylik, san’atkorlik tamoyillari bosh maqsadga aylandi. «Genj kalamlar» («Yosh qalamkashlar») jurnali atrofida jipslashgan yosh ijodkorlar avlodi turk hikoyachiligida yana bir samarador bosqichga asos bo‘lib xizmat qildi. Bu davr hikoyanavislari «milliy adabiyot» g‘oyasini rivojlantirdilar. Xususan, Mamduh Shavkat turk hikoyachiligida yangi yo‘nalishni boshlab berdi. Adib yangi uslubda turk xalqi real hayot tarzini yorqin tasvirlashga erishdi. Uning sa’y-harakatlari bilan Chexov hikoyalarining ilk marotaba turk tiliga o‘girilishi turk nosirlari uchun katta voqea bo‘ldi. 20-yillardan 30-yillarga qadar Esendal yo‘lida ijod qiladigan hikoyanavislar avlodi yetishib chiqdi. Rashod Nuri Guntekin, Peyami Safo, Usmon Jamol, Fahri Jaloliddin kabi yozuvchilar shular jumlasidandir.
XX asrning 20-30 yillari ham turk hikoyachiligi takomili va janr poetikasi nuqtai nazaridan samarali davr bo‘ldi. Bu davr turk hikoyachiligi janr tadriji bilangina emas, balki janr mezonlari, badiiyati jihatidan ham yuksak darajaga erishdi. Shu paytgacha turk hikoyachiligida kuzatilmagan real hayotdan olingan syujetlar, «kichkina odam», «qishloq odami», «qashshoq odam», «ezilgan ayol» obrazlari paydo bo‘ldi. 30-yillardan keyin Said Foiqning inson va jamiyat mavzusidagi hikoyalari tabaqalangan xalq, turli xavf-xatarlar ichra yashayotgan inson, ishchi va ishboshchi, tashlandiq, begona odamlar tasviri bilan yangilik kasb etdi. Sabohaddin Ali ijodi ham bu davr hikoyachiligida ijtimoiy muammolarni haqqoniy talqin etgani e’tiborga molik. U salaflari (U.Sayfiddin, M.Esendal, S.Foiq) boshlab bergan ijtimoiy mavzuni tubdan yangiladi. Asarlarida bir oz sotsrealizm adabiyotiga moyillik sezilsa-da, XX asr turk jamiyatiga xos hayot haqiqatini tasvirlash tamoyilidan chekinmadi. Novatorona hikoyalari bilan milliy hikoyachilikni yangi bir bosqichga olib chiqdi.
1940-1960 yillar turk hikoyachiligidagi uslub masalalari haqida so‘z borganda, bu davr hikoyalarida badiiy uslubning rang-barang bo‘lishida o‘zining ijodiy dunyoqarashi, iste’dodi, hayotni idroklash, badiiy aks ettirish prinsiplari bilan o‘zgartirgan yozuvchilar ijodi muhim o‘rin tutadi. Bunda, eng avvalo, O‘rxon Kamol asarlari, yozuvchi ijodi uchun bosh mavzu hisoblangan quyi tabaqa vakillari turmush yo‘llarini tasvirlash, ularga nisbatan muallifning gumanistik munosabati ushbu hikoyalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qildi. O‘.Kamol uslubi yosh turk hikoyanavislari tomonidan izchil davom ettirildi. Turk realistik hikoyachiligida o‘z uslubi bilan tanilgan ikkinchi yozuvchi Halikarnas Baliqchisi taxallusi ostida ijod etgan Muso Javat Shakir Qaboog‘ochlidir. U O‘.Kamoldan farqli o‘laroq, turk hikoyachiligiga dengiz va dengizchilar hayoti mavzusini olib kirdi. Turkiya mamlakatining geografik joylashuv o‘rni, dengiz bo‘yida yashaydigan turklarning turmush tarzi, qolaversa, Muso Javat Shakir Qaboog‘ochlining dengizu dengizchilarning xalqqa yaqin uslubda yozilishi va hayotiga bo‘lgan muhabbati uning yangi hikoya kompozitsiyasi va uslubini topishda muhim omil bo‘ldi. Aziz Nesin ijodi xalq kulgisi bilan ijtimoiy tragizmni o‘zaro uyg‘unlikda aks ettirishi bilan qimmatlidir. Uning hikoyalarida xalq ijodiga xos latifa, askiya, hajviy hikoya, masal, matal, maqol muhim o‘rin tutadi. Toriq Bug‘ro uslubi esa insonning botiniy, psixologik holatlarini teran idroklash, tasvirlashga urinishlar jarayonida shakllandi. T.Bug‘ro hikoyalaridagi o‘ziga xos tasvir prinsipi turk adabiyotida psixologik tasvir yo‘nalishini boshlab berdi. Bu uslub 1940-1960 yillar hikoyachiligining zamonaviy turklar – erkaklar, ayollar, bolalar, keksalarning zohiriy dunyosidan botiniy dunyosiga, shaxsiyati tasviridan ichki «men»i tahliliga o‘tganidan dalolat berdi.
1960-1980 yillar turk nasrida adibalar hikoyachiligi bo‘rtib ko‘rinadi. Bu hikoyalar o‘zigacha bo‘lgan erkak yozuvchilar hikoyachiligidan uslub, obraz, syujet, psixologik talqin usuli, ayniqsa, ayol qalbini teran tasvirlashi bilan farq qiladi. Bu davr ayollar hikoyachiligida ko‘zga tashlangan monolog-hikoya shakli turk zamonaviy nasri uchun yangilik edi. Qisman intuitiv, qisman lirik va dramatik tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan, ma’lum darajada dekadent kayfiyatga o‘xshab ketadigan monolog-hikoyaning eng yetuk namunalari ikki turk adibasi – Naziha Merich va Firuzan tomonidan yaratildi. Yangilanayotgan davrda zamondosh ayolning qalbi, ichki kechinmalari, ruhiy holati qalamga olindi. Ayol ba’zan ojiz, zaif, kuchsiz, ba’zan irodali, chidamli, bardoshli, qanoatli, ba’zan esa ham ma’naviy, ham madaniy qashshoq, ba’zida fidoyi ona siymosida tasvirlandi. Tomris Uyar, Sevinch Cho‘kum hikoyalarida ayol ruhiy olamini ochib berishda unga xos sirli xotiralar asos qilib olindi. Psixologik tasvir, monologik nutq, obrazlar va voqealarning assotsiatsiyaga qurilishi bu adibalar hikoyachiligining o‘ziga xos jihatlari hisoblanadi.
Turk hikoyachiligiga turk modern (yangi) adabiyoti tushunchasining kirib kelishida  Yu.Otilgan va F.Edgular ijodining ahamiyati katta. Ramziy syujet, ramziy obraz, ramziy dialoglar, ularning yangi usubiy shaklda ifodalanishi turk modern hikoyachiligining yetakchi xususiyatlaridir. Yu.Otilgan hikoyalarida qahramon xatti-harakati og‘ir va murakkab vaziyatlar fonida aks ettiriladi. F.Edgu ijodining o‘ziga xosligi shundaki, u bir qator hikoyalarida inson hayotidagi fojia, isyon, murosasizlik va murosasozlik kabi ziddiyatga to‘la holatlarni butun murakkabliklari bilan ishonarli yoritdi. F.Edgu Sharq xalqlari adabiyotiga xos majozdan tasvir vositasida samarali foydalanib, majoziy nasr uslubiga asos soldi, turk hikoyanavisligiga «minimal hikoya» (minimal ?yk?) janrini olib kirdi. Turk adabiyotshunoslari tomonidan «modern» uslubiga mansublangan  turk hikoyalarining hammasi ham mavjud nazariy qoliplarga sig‘adigan badiiy hodisalar emas. Ular yangi shaklga solingani, tasvir tamoyillari murakkablashgani, psixologik talqinlari, an’analarning istifoda etilish usuliga ko‘ra tamomila yangi mohiyat kasb etadi. Ammo hech bir jihatdan G‘arb modernizmini takrorlamaydi. M.Qutlu ijodida turk folklori, Sharq klassikasi an’analarini zamonaviy usulda qayta jonlantirish, shu asosda janr, syujet, qahramon va uslub komponentlarini yangilash tamoyili yetakchilik qiladi. Uning hikoyalarida syujet motivatsiyasi, ramz va timsollar modifikatsiyasi puxta ishlangan. Xizr alayhissalom, Dada Qo‘rqut, so‘fiy, ertakchi, suv parisi, dengiz singari obrazlar yangi syujet, yangi hikoyabop voqealar fonida badiiy inkishof etilgan. S.Ileri hikoyalari esa global sivilizatsiya qurshovidagi odamning yolg‘izligi, ichki iztiroblari, mushohada va xayollarini tragik tasvirlashga qaratilgani bilan ajralib turadi.
Umuman, XX asr boshlaridan bugungi kungacha bo‘lgan davrda turk hikoyanavisligida qator yangi poetik tamoyillar kashf etildi. Inson va hayot voqeligi o‘ziga xos badiiy usullar yordamida ifodalandi. Bu tamoyillar nafaqat turk adabiyoti, balki jahon nasri uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Poshshajon Kenjayeva,
ToshDShI katta o‘qituvchisi
filologiya fanlari doktori (DSc)

 

O‘zA