«Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan Pokistonning «Umumiy kelajak jamiyati» tahlil markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga bag‘ishlangan onlayn xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda asosiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘zga chiqib, konferensiya ishtirokchilarini Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida O‘zbekistonda muddatidan oldin Prezidentlik saylovini o‘tkazish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar va saylov natijalari bilan tanishtirib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 19 million 593 ming 838 nafar fuqarodan 15,6 milliondan ziyodi yoki 79,88 foiz saylovchi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, ovoz berdi. Bu ko‘rsatkich, eng avvalo, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning amaldagi ro‘yobidir.

Saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foizi O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyalaridan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga ovoz berdi.

Shuningdek, E.Tulyakov o‘z nutqida Prezidentlik saylovi O‘zbekiston konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq ravishda tenglik, shaffoflik va oshkoralik hamda demokratik tamoyillarga asosan bo‘lib o‘tganini, xususan, bunda xalqaro kuzatuvchilar uchun ham qulay sharoitlar yaratilganini qayd etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovlariga Pokistondan xalqaro kuzatuvchilar sifatida tashrif buyurgan ekspertlar ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Xususan, Pokistonning «Umumiy kelajak jamiyati» tahlil markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akrom o‘z nutqida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi shaffof, oshkora va adolatli saylovlarni ta’minlash borasida ulkan ishlarni amalga oshirganini e’tirof etdi. Shuningdek, Xolid Taymur Akrom saylov uchastkalarida ovoz berish kunida takroriy ovoz berish va boshqa noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalangan holda fuqarolarni ro‘yxatga olish va saylovchilarni qayd etish samarali yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlab o‘tdi.

Bir so‘z bilan aytganda, tadbir ishtirokchilari nafaqat yurtimiz, balki xorijdagi O‘zbekiston fuqarolari saylov huquqini amalga oshirishi uchun har tomonlama sharoit va imkoniyatlar yaratilib, jarayon saylov qonunchiligi talabi asosida tashkil etilganligini e’tirof etdi.

 

O‘zA