Xalqaro mehnat tashkiloti tashabbusi bilan 2003-yildan buyon 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlab kelinyapti.
Mazkur sana munosabati bilan dunyoning yuzdan ziyod mamlakatlarida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham ish joyida jarohatlanish hamda kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har yili ushbu sanaga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkaziladi.
Tadbirlarda aholiga munosib mehnat sharoitlari yaratish, xodimlar ruhiyatiga salbiy ta’sir etuvchi omillar, ularni boshqarish usullari hamda bartaraf etish mexanizmlari, ishchi-xodimlarning ish jarayonida samarali faoliyat yuritishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, mehnat muhofazasi madaniyatini rivojlantirish, korxona va tashkilotlarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar sifati hamda samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olishda ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilingani mehnat muhofazasi sohasida ish beruvchilar va xodimlar mas’uliyatini kuchaytirish, mehnatni muhofaza qilish xizmatlari faoliyatini takomillashtirishda dasturilamal bo‘lmoqda.

 

O‘zA