O‘zAda e’lon qilingan Saudiya elchisi bilan suhbat dunyo OAV nazariga tushdi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida bo‘lib, “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etdi.

Mazkur oliy darajadagi tadbir oldidan O‘zA muxbiri Podshohlikning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf bin Solihal-Gahraal-Utaybiy bilan suhbat uyushtirgan edi.

O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan oqilona siyosati iqtisodiyot, madaniyat, ziyorat turizmi kabi yo‘nalishlarda konstruktiv sheriklikni kuchaytirishga xizmat qilayotgani ifodalangan material arab dunyosi va Markaziy Osiyo mintaqasi jipslashuvi, sammitning dolzarbligi nuqtai nazaridan jahon ommaviy axborot vositalari diqqatini tortdi.

Jumladan, Ko‘rfaz mamlakatlari mintaqasida yuz berayotgan eng dolzarb voqealarni tezkor yoritib boradigan, raqamli va multimedia formatidagi mahsulotlar tarqatishga ixtisoslashgan mustaqil yangiliklar agentligi – “The Gulf Observer” nashrida elchi bilan suhbatning to‘liq matni yetti tilda chop etilgan.

Agentlik Yusufal-Utaybiyning har ikki tomon qator sohalarda yangi bitimlar imzolash bo‘yicha muntazam muzokaralar o‘tkazayotgani, aloqani rivojlantirishga turtki berish maqsadida mas’ullar o‘rtasidagi munosabatda izchillikni ta’minlashga harakat qilayotgani xususidagi fikrlarida niqtibos keltirgan.

Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi “Kabar” davlat axborot agentligi ham mazkur intervyuga alohida e’tibor qaratgani O‘zbekistonning turli mintaqa davlatlari bilan hamkorligi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat, deyish mumkin.

Hamkorimiz sahifasida “Eng dolzarb maqolalar” bo‘limidan joy olgan suhbat o‘quvchilarga mamlakatimizning Saudiya Arabistoni bilan do‘stligi, shuningdek, savdo-iqtisodiy statistika va Jiddada o‘tgan sammit haqida ma’lumot ulashgani quvonarli.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.