Bu yil Yevropa janubi tarixdagi eng issiq yozni boshidan o‘tkazmoqda. Anomal harorat Shimoliy Osiyo va Shimoliy Amerikada ham kuzatilmoqda, deyiladi “Yeuronews” tarqatgan xabarda.

Janubiy Yevropa yorqin quyosh taftida qolmoqda, jazirama oftob kunduzi ko‘z ochirmaydi, tunlari dim havodan nafas olib bo‘lmaydi. Ispaniyada termometr ertalabdan Selsiy bo‘yicha 30 darajani ko‘rsatsa, kunning o‘rtasida 40 darajagacha ko‘tarilmoqda. Issiq to‘lqin ancha kundan buyon to‘xtamayapti.

Ispaniyaning bir yo‘la ko‘plab mintaqalari ekstremal haroratga yuqori darajada tayyorgarlik holatida yashamoqda. Mutaxassislar bu ahvolga El-Nino iqlim fenomeni sabab ekanini aytmoqda.

Ekstremal ob-havo va iqlim bo‘yicha mutaxassis Jon Nernning ta’kidlashicha, “global miqyosda harorat hozir o‘tgan yillardagi, masalan, o‘tgan asr 80-yillardagi El-Nino paytidagidan yuqori”.

– Shunday qilib, ko‘ngilsiz global tendensiya o‘sishda davom etmoqda. Shu sababli men iqlim borgan sari isib borayotganini ta’kidlashim mumkin, deydi u.

Italiya ham“Xaron” aksil sikloni sababli eng issiq davrni boshdan kechirmoqda. Issiqlikning “Qizil” bosqichi Apennin yarim orolining o‘nlab shahrida, jumladan Rimda ham qayd etilmoqda.

Jahon meteorologiya tashkiloti Yevropa uchun yangi rekord haroratini bashorat qilmoqda. Bu 2021 yil Sitsiliyada qayd etilgan Selsiy bo‘yicha 48,8 daraja yangilanadi, degani.

Jazirama faqat Yevropa bilan cheklanib qolmayapti. Shimoliy Amerika va Shimoliy Osiyoda ham avval kuzatilmagan anomal yuqori harorat kuzatilmoqda. Tokioda termometr tayoqchasi 37 darajaga yetgan, ko‘chaga soyabonsiz chiqishga jur’at qilgan yaponlar kamdan-kam uchrayapti.

Iqlimshunoslar ma’lumotiga ko‘ra, hafta o‘rtasiga kelib, Sardiniya orolida harorat 50 darajaga chiqishi mumkin. Ayni dam Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatning 23 yirik shahrida favqulodda ogohlantirish tartibi amal qilayotganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Afina, Rim va Madridda harorat juda yuqori, kuchli shamol tufayli Yevropaning ko‘plab hududlarida o‘rmon yong‘ini ro‘y bermoqda. Xususan, Afina atrofida yong‘in bir necha uyning kulini ko‘kka sovurdi. Palma orolida yong‘in ko‘lami shiddat bilan kengayib borayotgani sababli, 4 ming kishini zudlik bilan ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan.

Anomal issiq Fransiyada ham har qachongidan kuchli sezilmoqda. Parijda sayyohlarning eng sevimli go‘shalari favvoralar atrofi bo‘lib qolmoqda. Turkiya jamoatchiligi, mana bir necha hafta bo‘ldiki, o‘rmon yong‘iniga qarshi kurashmoqda.

“Bloomberg” agentligi yozishicha, Yevropada rekord 2021 yil o‘rnatilgan edi. O‘shanda Sitsiliya orolida harorat 48,8 darajaga yetgan. Xullas, Shimoliy yarim sharda ekstremal ob-havo odat tusiga aylanmoqda. Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ayni holat kelgusida “yangi me’yorga” aylanishi mumkin.

S.Rahimov, O‘zA