So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida davlat moliyaviy nazorati va tashqi auditi tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu islohotlar zamirida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati ham yangi bosqichga chiqdi hamda mamlakatimizdagi barcha davlat moliyaviy nazorati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organiga aylandi.

Hisob palatasi davlat organlari bilan o‘zaro elektron ma’lumot almashinuvi amaliyotini keng yo‘lga qo‘ydi. Byudjet tashkilotlarida o‘tkaziladigan davlat moliyaviy nazorati tadbirlarini nazorat qilib, takroriy tekshirishlarning oldini olishga qaratilgan “Davlat auditi” dasturiy kompleksi ishga tushirildi.

Hozirda Hisob palatasi o‘z faoliyatida xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan moliyaviy, muvofiqlik va samaradorlik auditlari kabi nazorat tadbirlarini tashkil qilmoqda.

Oxirgi 2 yilda Hisob palatasi Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti (INTOSAI), Osiyo Oliy audit organlarining tashkiloti (AZOSAI), EKOSAI tashkilotining audit bo‘yicha qo‘mitasining to‘laqonli a’zosiga aylandi.

Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha Davlatimiz rahbari “Hisob palatasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Yangi qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunning 13 ta moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, qonunda:

– ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini ta’minlash maqsadida Hisob palatasi o‘z rasmiy veb-saytiga o‘z ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ularning bartaraf etilganligi haqidagi ma’lumotlarni muntazam tarzda joylashtirib borish;

– hisob palatasiga mamlakatimiz qonunlari ijro etilishini o‘z vakolatlari doirasida nazorat qilish, davlatimiz rahbarining farmon, qaror va topshiriqlarida belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish to‘g‘risidagi takliflar yuzasidan Prezident Administratsiyasiga xulosalar kiritish;

– hisob palatasi raisiga ushbu muassasaning tarkibiy tuzilmalari to‘g‘risidagi nizomlarini, shu jumladan, shtat jadvalini tasdiqlash va boshqa vakolatlar;

– hisob palatasining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik hamda byudjet tashkilotlarida  mol-mulkni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun bayonnomalar rasmiylashtirish huquqi belgilandi.

Ushbu qonunni ishlab chiqishda Yaponiya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston va Ozarbayjon, shuningdek, boshqa rivojlangan mamlakatlarning davlat audit sohasidagi ijobiy tajribalari hisobga olingan.

Muqaddam ushbu qonun loyiha sifatida www.regulation.gov.uz dasturi orqali jamoatchilikka e’lon qilinib, muhokama qilingan.

Yangi qonunning qabul qilinishi Hisob palatasining huquqiy fundamentini yanada mustahkamlashga, uning ish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga hamda o‘ziga yuklatilgan vazifalarni yanada samarali va to‘laqonli amalga oshirishga zamin yaratadi.

O‘zA