Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda agentlik axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova tomonidan sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.

Xususan, agentlik tomonidan 2023 yilning 1-yarim yilligida ekin maydonlari, mevali bog‘-tokzorlar va issiqxonlarda – jami 3 million 600 ming gektardan ortiq maydonda fitosanitar dala nazorati amalga oshirildi.

Qayd etilishicha, 2023 yil hosil uchun 10 milliardga yaqin entomofaglar ko‘paytirildi. Bundan tashqari, 485 ta biolaboratoriyada foydali nematodalarni ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi. Mineral o‘g‘itlar sifatini laboratoriya tahlillaridan o‘tkazish tizimi joriy etilib, 9 ta holatda standart talablariga javob bermaydigan mineral o‘g‘itlarni qo‘llashning oldi olindi. Pomidor va qalampir mahsulotlari orasida uchraydigan bujmayish virusi kasalligining respublika hududlarida tarqalishiga qarshi choralar ko‘rilib, eksportga ko‘yilgan cheklovlar bartaraf qilinishiga erishildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, fitosanitar talablarga javob bermagani sababli 14 ta davlatga 143 ta e’tiroznoma (notifikatsiya) yuborildi. 9 ming dona zararlangan import mahsulotlar eksportyor davlatlarga qaytarildi. Salkam 1 tonna va 249 ming 931 dona mahsulot yo‘q qilindi. 2023 yilda esa 493 ming gektar maydonda kimyoviy ishlov ishlari o‘tkazildi.

Biomahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari 2,5 barobarga, ishlov qamrovi 46 foizga ortdi. Tut parvonasi zararkunandasiga qarshi kurash tadbirlarini o‘tkazish uchun 2023 yilda respublika byudjetidan 11 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Meva-sabzavot eksporti geografiyasini kengaytirish maqsadida 24 ta davlatdan 598 ta fitosanitar ruxsatlar olindi, shuningdek, 56 ta davlatga barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini fitosanitariya sertifikati asosida yuklash imkoniyati yaratildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA