Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi hamda kompyuter ishlab chiqaruvchi kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama hamkorlik va istiqboldagi rejalar muhokama qilingan tadbirda, Xitoy tomonidan “5-9-sinflarda chet tili va informatika fanlarini o‘qitish sifatini oshirish” loyihasi ikkinchi bosqich doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 12 million dollar grant mablag‘lari ajratilgani qayd etildi.

Ushbu mablag‘ respublikamizdagi 1303 ta umumta’lim maktablariga jami 20 ming 848 dona o‘quv kompyuterlar yetkazib berish uchun yo‘naltirilgan. Ayni payt o‘quv muassasalari mazkur texnologiyalar to‘plami bilan bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

Muloqot chog‘ida kompyuter o‘quv uskunalariga ehtiyoji bo‘lgan umumta’lim maktablarida chet tili va informatika fanlarini mukammal o‘rgatish uchun dars jarayonida hamda darsdan tashqari tashkil etiladigan to‘garaklarda ham ushbu texnikalardan foydalanish mumkinligi aytildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, XXRdan O‘zbekistonga tashrif buyurgan mutaxassislar joylarda kompyuter o‘quv uskunalarini sifatli o‘rnatish ishlarini amalga oshirishi ko‘zda tutilgan.

O‘zA