Oʻzbekiston va Hindiston mamlakatlari oʻrtasida tarix, anʼana va madaniyat nuqtayi nazaridan umumiy jihatlar, mushtarak nuqtalar juda koʻp. Asrlar osha davom etib kelayotgan madaniyatlar, anʼanalar va qadriyatlar rivojlanishi xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik, strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Buning yaqqol namunasi Toshkent davlat yuridik universiteti mualliflar jamoasi tomonidan Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tilidagi ilk tarjimasi amalga oshirilganligidir. Hind xalqining konstitutsiyaviy qadriyatlari va davlatchilik anʼanalarini oʻz ichiga qamrab olgan ushbu kitob tarjimasi Oʻzbekiston va Hindiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash yoʻlidagi navbatdagi dadil qadam, ikki mamlakat huquqshunoslarining ilmiy hamkorligiga qoʻshilgan salmoqli hissadir.

Hindistonning konstitutsiyaviy tajribasi boy tarixga ega. Chunki Hindiston Bosh qomusini ishlab chiqishda dunyoning bir qator konstitutsiyalari qiyosiy oʻrganilgan va ulardan ijobiy foydalanilgan. Huquqiy institutlarning mohiyatiga ehtiyotkorlik bilan yondashilgani va ular tuzilishi sinchkovlik bilan ishlab chiqilgani, ayniqsa, eʼtiborli.

Xususan, Hindiston Konstitutsiyasida uning barcha qonunlardan ustunligi – respublika, demokratik boshqaruv shakli, davlatning dunyoviy ekanligi, hokimiyatlarning taqsimlanishi prinsipi, shaxsning erkinligi va qadr-qimmati, millatning birligi va yaxlitligi, ijtimoiy va iqtisodiy adolat konsepsiyasi, erkin va adolatli saylov asoslari belgilangan boʻlib, bular bugungi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga juda hamohangdir.

Ushbu tarjima kitob boshqa davlatlar konstitutsiyaviy huquqi qatorida Hindiston konstitutsiyaviy huquqini oʻrganish va Oʻzbekiston tajribasi bilan qiyoslashda yosh huquqshunoslar uchun yangi ufqlar eshigini ochishi shubhasiz.

Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tiliga ilk tarjimasi loyiha rahbari, yuridik fanlar doktori, professor Omonulla Muhammadjonov, tarjimonlar guruhi rahbari, Toshkent davlat yuridik universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Nodir Ramazonov, tarjimonlar – Odilbek Irisqulov, Mahbuba Rasulova, Nozima Normurodovaning saʼy-harakati va ikki yillik mehnati evaziga amalga oshirildi.

Shuningdek, Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, doktor Manish Prabhat, Toshkent davlat yuridik universiteti olim va tarjimonlarining Dehli universiteti mutaxassislari bilan aloqa oʻrnatishida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtagan Laʼl Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyati markazi rahbari Sitesh Kumar loyihani moliyaviy va ilmiy tomondan qoʻllab-quvvatlab kelishdi.

Hindiston Konstitutsiyasining oʻzbek tiliga tarjimasi va alohida kitob holida nashr etilganligi ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

OʻzA