Ijtimoiy tarmoqlarda pul ishlashning oson yo‘li, mo‘may daromad topish va’da qilingan xabarlarga aldanib qolish holatlari ko‘p uchramoqda. Feyk saytlar orqali kam pul tikib, bundan katta foiz olish mumkinligi aytiladi. Odamlar esa tikilgan mablag‘ning ko‘payib borayotganini ko‘rib turadi. Bu platformalar mashhur shaxslar yoki katta kompaniyalar nomidan “tashkil qilingani” tarmoq foydalanuvchilarini qiziqtirib qo‘yishi va aldanib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari turli aksiyalar, yutuqli o‘yinlar haqidagi xabarlarga qiziqib, aldanib qolish holatlari ham ko‘p.

Yuqoridagi holatlarni oldini olish maqsadida Ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti kiberxavfsizlik markazi tomonidan feyk xabarlarni aniqlovchi platforma yaratildi.

Batafsil:

Ma’lumot uchun, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202 moddasiga ko‘ra jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan, Ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244 moddasiga muvofiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham ushbu xatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan zaruriyat bo‘lmaganda, o‘zi bilmagan va ishonmagan har xil so‘rovnoma, savol-javob, aksiyalar, elektron havolalar, elektron va onlayn o‘yinlar va boshqa feyk e’lonlarga kirmaslikni hamda o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etib aldanib qolmaslikni so‘rab qolamiz.

 

M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA