JSST yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, perinatal parvarish kabi muhim sohalarda faol ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Respublika Akusherlik va ginekologiya markazida JSST vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv mazkur mavzu muhokamasiga bag‘ishlandi.
Homiladorlikni samarali o‘tkazish, chaqaloqlarni parvarish qilish, klinik protokollarni ishlab chiqish, hududlardagi mutaxassislarning malakasini oshirish va boshqa masalalar uchrashuv qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
JSSTning O‘zbekistondagi ofisi maslahatchisi Nazokat Qosimova ta’kidlaganidek, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIAGIATM DK) mazkur butunjahon tashkiloti bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli ish olib borish bo‘yicha katta tajribaga ega. Shuning uchun ham onalik va bolalikni muhofaza qilish, perinatal tibbiyotni rivojlantirishning bugungi kundagi eng dolzarb yo‘nalishlari haqida Markaz rahbariyati va mutaxassislarining fikri juda muhim.
– Akusherlik va ginekologiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan klinik protokollar eng ilg‘or va yangilangan, jumladan dalillarga asoslangan maksimal miqdordagi tibbiyot ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan hujjatlardan biri sanaladi, – deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hududiy ofisi mutaxassisi Oleg Kuzmenko.
Mutaxassislar yangi protokollarni ishlab chiqish va amaldagilarini yangilash bo‘yicha kelgusidagi ishlarni muhokama qildi. Bu har bir tibbiyot xodimi uchun amaliy qo‘llanma bo‘lib, JSSTning yangi ma’lumotlari va tavsiyalarini hisobga olishi va hamisha ularning dolzarbligini saqlab qolishi kerak.
Shu bilan birga, butun mamlakat bo‘ylab akusherlar va ginekologlar uchun tizimli ravishda kaskad treninglar o‘tkazish maqsadida eng faol va malakali mutaxassislardan iborat murabbiylar jamoasini tuzish uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. RIAGIATM DK direktori Natalya Nodirxanova ta’kidlaganidek, bunda tibbiyot muassasalari rahbariyati a’zolarining roli juda muhim. Xususan, bu jarayonga klinikalarning bosh shifokorlari, davolash ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, tug‘ruqxonalarningbo‘lim mudirlari jalb etilishi kerak.
Ishtirokchilar, shuningdek, ta’lim jarayonining barqarorligini ta’minlash uchun murabbiylar jamoasiga hududlarda eng zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalarni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan sog‘liqni saqlash mutaxasislaridan iborat amaliyot shifokorlarini jalb etish zarurligini ham qayd etdi.
Uzluksiz ta’lim aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishning bevosita sharti sifatida, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, davolashda xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, polipragmaziya, ya’ni bemorga ortiqcha dori vositalarini tavsiya etishdan voz kechish uchun klinik protokollarga qat’iy rioya qilishda asosiy omillardan sanaladi. Uchrashuv qatnashchilari shu haqida so‘z yuritar ekan, eng zamonaviy uskunalarning mavjudligi ham ulardan foydalana oladigan yuqori malakali mutaxassislarsiz tekshirish va davolashda samara bermasligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida onalik va bolalikni muhofaza qilish, perinatal tibbiyot sohasida, jumladan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA