Bojxona qo‘mitasi mas’ul boshqarma boshliqlarining joylarga chiqqan holda hududiy tuzilmalar faoliyatini o‘rganish, mavjud muammo va masalalarning yechimini topishda ularga amaliy ko‘maklashish maqsadida tashkil etilayotgan safarlar davom etmoqda.

Xususan shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Yu.Tilavov Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l va “Dovud-ota” chegara bojxona postlarida xizmat qilayotgan bojxonachilar ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvda keyingi yillarda bojxona organlari xodimlarining ijtimoiy himoyasiga qaratilayotgan e’tibor, xodimlar uchun yaratib berilayotgan sharoitlarga mutanosib tarzda xizmat qilish, o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashish har bir bojxonachining burchi ekanligi yana bir bora ta’kidlandi. Moddiy manfaatdor bo‘lib, xizmat vakolatlaridan chetga chiqish yoki o‘ziga yuklatilgan vazifalarni to‘laqonli bajarmaslik, birinchi navbatda, oilasiga, Vataniga va xalqiga xiyonat sanalishi, farzandiga halol luqma yedirish orqaligina uning tarbiyasiga mas’ul bo‘la olishi uqtirildi.

Boshqarma apparati, “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l va “Dovud-ota” chegara bojxona postlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida yil boshidan bojxona xodimlari bilan o‘tkazilgan 54 marta umumiy va 19 marta yakka tartibdagi profilaktik suhbatlarda yanada katta natijalarga erishish va xodimlarning korrupsion holatlarni yo‘l qo‘yishga moyilligini yo‘q qilish uchun ularning oilasi, yaqinlari bilan hamkorlikda ishlash masalalari ko‘rib chiqildi. Bu borada xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha muntazam ravishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bugun har bir xodimdan xizmat faoliyati davomida fuqarolar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda xushmuomala va sergak bo‘lishi, qonuniy xatti-harakatlarni bajarish talab etiladi. O‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, mas’uliyat bilan bajargan xodim esa ravnaq topib, osuda hayot kechiradi. Tashkil etilayotgan bu kabi uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham xodimlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirishdir.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri