Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi, tuman prokuraturasi, DXXning tuman bo‘limi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ishga joylashtirish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi.

Jumladan fuqarolar M.N. va D.D. ariza muallifining ishonchiga kirib, unga 20 million so‘m evaziga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali MCHJ shaklidagi “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasiga farrosh qilib ishga joylashtirib berishni va’da qilgan. Qo‘ng‘irot tumani “Ornek” ovul fuqarolar yig‘inidagi fuqaro M.N. ning yashash uyida ariza muallifidan 20 million so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlandi. Ulardan kimyoviy ishlov berilgan 20 million so‘m pul ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Mazkur holat yuzasidan Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri