Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti mamlakatimiz va xorijiy oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasalari qatorida chet davlatlardagi nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalariga ega bo‘lgan mintaqadagi yetakchi oliy ta’lim maskani hisoblanadi.

Bunga misol sifatida oliy o‘quv yurti va Janubiy Koreyaning “Younginsn SO LTD” kompaniyasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanganligini alohida ta’kidlash mumkin. Ushbu memorandum asosida hamda ilmiy va innovatsion hamkorlik yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida universitet rektori A.Reymovning mazkur kompaniya prezidenti Choy Sek Xoan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet hamda kompaniya o‘rtasidagi ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasiga yo‘naltirilgan istiqboldagi hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, universitetda kelgusida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha alohida laboratoriya asbob-uskunalari va boshqa qurilmalarni o‘rnatish, kompaniya vakillari tomonidan ushbu yo‘nalishlarda birgalikda ilmiy-amaliy jihatdan tadqiqotlar olib borish rejalashtirilmoqda. Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolanib, istiqboldagi rejalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA