Turkiya qadimiy tarixi va an’analari bilan sayyohlarni o‘ziga rom qiladigan mamlakatlardan. Bu mamlakatda sayyohlarning dam olishlari uchun yuksak darajada xizmat turlari yaratilgan.
Yevropa Janubiy-Sharqi va Osiyo g‘arbida joylashgan Turkiya sayyohlarni nima uchun o‘ziga jalb qiladi?
Bu savolga “bu mamlakatning dengizi toza, dengizlarida akula va meduzalar yo‘q” deb javob berish kerak.
Mamlakat 7ta ma’muriy hududdan – Marmara (Marmara), Egey mintaqasi (Ege), O‘rta Yer dengizi mintaqasi (Akdeniz), Janubiy-Sharqiy mintaqa (Guney Dogu), Sharqiy (Dogu), Qora dengiz (Karadeniz), Markaziy Anatoliya (Ic Anadolu)dan tashkil topgan.
Poytaxti Anqara. Yirik shaharlari – Istanbul, Anqara, Izmir, Bursa, Adana, Trabzon.
Turkiya – tog‘lar mamlakatidir. Bu mamlakat ko‘l va daryolarga ham boy.
Tabiati xilma-xil va noyobdir. Mamlakatda o‘simliklarning 6 mingdan ortiq turi bor. Hayvonot dunyosi haqida ham iliq fikrlarni bildirish mumkin.
Avtomobillarni ijaraga olish mumkin. Buning uchun pasport yoki uning nusxasini va haydovchilik guvohnomasini topshirish kerak bo‘ladi. Avtomobillar 21 yoshdan oshgan kattalarga beriladi. Avtomobillarni haydovchisi bilan ijaraga olishingiz ham mumkin.
Ijara punktlari har bir mehmonxona va aholi punktlarida bor.
Turkiyada tibbiy xizmat ko‘rsatish pulli. Barcha masalalar bo‘yicha sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilishingiz kerak bo‘ladi.
Krandagi suvdan ichish tavsiya qilinmaydi. Yaxshisi plastik shishalardagi suvni xarid qilganingiz ma’qul.
Turklar avtobus va marshrut taksilarda yurishni sevishadi. Kuning har qanday vaqtida o‘zingiz xohlagan yo‘nalish bo‘yicha avtobusga o‘tirishingiz mumkin. Taksilar ikkiga – kunduzgi va tungi taksilarga bo‘linadi. Tungi taksilar haqi ikki barobar qimmat. Yo‘lkira borasida taksichi bilan albatta avvaldan kelishib olishingiz kerak bo‘ladi.
Bekat “B” xarfi bilan ajralib turadi.
Do‘konlarning aniq ish vaqti belgilanmagan. Yoz kunlari tun yarmiga qadar ishlaydi. Bozorda, albatta, savdolashishingiz kerak. O‘zbeklar kabi turklarning bu an’anasi tufayli pulingizni tejash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Hamma joyda suratga tushish mumkin. Faqat xavfsizlik hududi bundan mustasno. Muzeylarda suratga tushish uchun alohida haq to‘lashingiz kerak.
Turkiyada bar, restoran, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatuvchilarga, albatta, choychaqa berishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun aniq raqam aytilmaydi. O‘zingizning cho‘ntagingizga qarab berasiz choychaqani.
Turkiyaga borgan sayyohlar ko‘zning rasmi tushirilgan suvenerlarni xarid qilishlari kerak. “Nazar” deb nomlanuvchi bu tumor ko‘z tegishdan saqlaydi, degan qarashlar mavjud.
Turkiya xalqi shirinliklarni sevishadi. Suhbatlar asosan shirinlik va qahva ichish bilan boshlanadi. “Shirinlik yeb-shirin suhbat qurdik” deyishadi turklar. Turkiyada har kuni kunbo‘yi choy ichishadi.
Turklar bilan suhbatga vaqtni hisoblab borish kerak emas, chunki suhbat ancha cho‘zilib ketishi va belgilangan vaqtdan o‘tib ketishi ham mumkin.
Turklar xafa bo‘lmasin desangiz, u holda Istanbulni aslo Konstantinopol deya ko‘rmang.
Turk taomlari xorijiy sayyohlarni o‘ziga rom qilishi shubhasiz. Ular mol va qo‘y go‘shtidan tayyorlangan – “doner” va “kabob”lari bilan faxrlanishadi.
Turkiya kurortlarida banklar dam olishsiz, aeroportlarda esa kecha-yu kunduz ishlaydi.
Turkiyadagi arxeologik yodgorliklar dam olishsiz har kuni 8:00 dan 18:00ga qadar tanafussiz ishlaydi.
Muzeylari esa dushanba kuni dam oladi. Qolgan kunlari 8:30 dan 17:30 gacha faoliyat yuritadi (tanaffus 12:00 dan 13:00ga qadar).
Turkiyaga borganlar “Sharq darvozasi”, deb atalmish Istanbulni ko‘rishlari kerak. Bu shahardagi tarixiy obidalar, qadimiy bozor, taomlari, saroy va muzeylari yodingizda umrbod qolishi, shubhasiz.
Umuman Turkiya – ertaklar mamlakati.
Sharofiddin To‘laganov