Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida A-380 “G‘uzor –Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 673-698 kilometr (25 km) qismini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining 8-ilovasiga muvofiq, 2023 yilda loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish hamda tasdiqlash talab etiladigan investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Mazkur loyiha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 kilometr (240 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan 48,7 million AQSH dollar mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi. Uning doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo‘llari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari hududidan o‘tadi.

Loyihaning umumiy qiymati 60,9 million, shundan Osiyo taraqqiyoti banki ulushi – 48,7 million AQSH dollar, O‘zbekiston Respublikasining ulushi – 12,2 million AQSH dollarni tashkil qiladi. Uning texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqildi. Loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha pudrat tashkilotni aniqlash uchun 2023 yil 8 fevral kuni tender savdolariga e’lon berilgan bo‘lib, uning ishtirokchilari texnik takliflarini ochilishining oxirgi kuni joriy yilning 11 may kuni etib belgilandi.

Bugungi kunda ishtirokchi kompaniyalarining texnik takliflarini baholash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri