Farg‘ona shahrining Mustaqillik shoh ko‘chasida Qozog‘istonning “Q4 Tulpar” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tulpor” avtomobil savdo uyi ish boshladi.

Ochilish tadbirida O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat rahbarlarining yuksak siyosiy irodalari va ezgu tashabbuslari bilan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy aloqalar tobora kuchayib borayotgani alohida qayd etilib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar o‘zining katta natijalarini berayotganiga e’tibor qaratildi.

“Q4 Tulpar” kompaniyasi asoschisi Talgat Sakan hamda mahalliy hamkor Ulug‘bek Payg‘amov birgalikda tashkil etgan avtomobil savdo uyida yangi avtomobillarni sotish bilan birga, foydalanilgan avtomobillarni sotib olish, sotish, Trade-in tamoyili asosida eski mashinani yangisiga almashtirish, shuningdek, keng ko‘lamli sifatli texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Qulay xaridni amalga oshirish uchun avtosalonda bank filiali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, shuningdek, notarius idorasi ham joylashgan.

Qozog‘istonda 14 filiali mavjud bo‘lgan Q4 Tulpar kompaniyasi, endilikda O‘zbekiston bozoriga ham kirib kelmoqda va yaqin davrda Qo‘qon shahrida ham filial ochishni rejalashtirgan. Keyinchalik, Andijon, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarga ham kompaniya faoliyatini yo‘lga qo‘yish reja qilingan. “Tulpor” avtomobil savdo uyining ish boshlashi natijasida qirqqa yaqin doimiy ish o‘rni tashkil etildi. Xodimlar faoliyat boshlashdan avval Olma-otadagi Q4 Tulpar avtosalonlarida amaliyot o‘tab qaytishdi. Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

M.Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA