Ukraina inqirozini hal qilish istiqboli va 17 iyulda muddati tugaydigan don shartnomasini uzaytirish masalasi Turkiya va Ukraina Prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bugun, 7 iyulda Istanbulda o‘tadigan muzokaraning asosiy mavzusi bo‘ladi. Anqaradagi manbalarga tayanib, bu haqda “TASS” agentligi xabar berdi.

Turkiya tomoni Zelenskiyning tashrifi Erdog‘an taklifiga binoan tashkil etilganini bildirdi.

Anqaraning fikricha, Turkiya yetakchisi Rossiya va Ukraina rahbarlari bilan yaxshi munosabatda ekani e’tiborga olinsa, ziddiyatni hal etishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Don shartnomasi bir necha bor uzaytirilishi jarayonidagi sa’y-harakat bundan darak beradi.

Manbalar NATOning Vilnyus sammiti oldidan Shimoliy Atlantika alyansi a’zosi bo‘lgan Turkiya bilan muzokarada Ukrainaning mazkur tashkilotga qo‘shilishi masalasi ham ko‘rib chiqilishini yozmoqda.