“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida Tadbirkor ayollar biznes forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tadbirda Bojxona qo‘mitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Farhod Olimjonov “O‘zbekistonda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishning xalqaro savdoga ta’siri” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, zamonaviy sharoitda tashqi savdo rivojlanishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Globallashuv sharoitida boshqa mamlakatlar iqtisodiyoti bilan iqtisodiy aloqalarning samarali tizimini shakllantirmasdan turib hech bir davlat rivojlana olmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida davlat bojxona xizmati organlari tashqi savdoga ko‘makchi idora imijida namoyon bo‘lmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilga nisbatan bojxona nazorati talab etiladigan deyarli barcha yo‘nalishlarda ish hajmi va ko‘rsatkichlar keskin oshdi.
Misol uchun, tashqi savdo aylanmasi 20,2 milliard dollarga yoki 2 barobarga, tovarlar vazni bo‘yicha 19,5 million tonnaga yoki 2,2 barobarga, bojxona idoralari tomonidan 2022 yilda undirilgan bojxona to‘lovlari 2017 yilga nisbatan 38 trillion so‘mga yoki 6 barobarga oshdi. Bunda, bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar 2017 yilga nisbatan 27,9 trillion so‘mga yoki 2 barobarga oshgan.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bojxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga qulayliklar yaratish maqsadida ko‘plab yangiliklar joriy etilmoqda.
Xususan, 2018-2022 yillar oralig‘ida bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish yo‘nalishida 140 dan ortiq hujjatlar qabul qilindi. Qonunchilik bazasini xalqaro standart va normalarga muvofiqlashtirish ishlari o‘tkazildi, vakolatli iqtisodiy operatorlar instituti qabul qilindi. Deklaratsiyalash tartiblari, shu jumladan dastlabki, davriy deklaratsiyalash soddalashdi, bojxona ombori vakillarining huquqlari kengaytirildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA