Toshkentda xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yashil taraqqiyot: Yangi O‘zbekiston tajribasi va jahon tendensiyalari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zosi, sobiq madaniyat va xalqaro aloqalar vaziri Lord Uorton, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byuro bosh direktori Boris Erg (Shveysariya), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining “Yashil Markaziy Osiyo” dasturi rahbari Karolin Milou (Germaniya), O‘zbekistonda Global yashil o‘sish instituti vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Jin Xa Kim (Janubiy Koreya)  va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida xorijiy mutaxassislar atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish  va  iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilish, O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimni tiklash kabi qator dolzarb mavzularda chiqish qiladi. Bu haqida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining telegram kanali xabar berdi.

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA.