Poytaxtimizda “Yashil taraqqiyot”: Yangi O‘zbekiston tajribasi va jahon tendensiyalari” mavzusida xalqaro tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida xorijlik mutaxassislar qator dolzarb mavzularda o‘z ma’ruzalarini taqdim qildi. Xususan, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bosh direktori Boris Erg atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida hamkorlik qilish masalalariga to‘xtaldi.

Shuningdek, u o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimi, yerdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash, mamlakatning tog‘li va vodiyli hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish, Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo bo‘lishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish kabi qo‘shma grant loyihalari doirasida hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratdi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati “Yashil Markaziy Osiyo” Dasturi boshlig‘i Karolina Milou esa “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida amala oshiriladigan tadbirlar va tashabbuslar bo‘yicha umumiy ma’lumot berdi. Qolaversa, “Yashil Markaziy Osiyo: Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik masalalari bo‘yicha transchegaraviy muloqot” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

Tadbir davomida Jahon bankining atrof-muhit bo‘yicha katta mutaxassisi Asferachyu Abate tomonidan Jahon banki moliyalashtiradigan “Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlari” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ekotizimlar masalalarida muloqotni kengaytirishga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, tadbir davomida butun dunyoda “yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O‘zbekiston tajribasi alohida e’tirof etildi. Bunda jahon standartlariga to‘liq moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilishda yana qator muhim ishlarni amalga oshirish zarur ekanligi ham qayd etildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA