Gulistonda BMT Yashil iqlim jamg‘armasi faoliyati va u bilan hamkorlikning ustuvor masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tijorat banklari mutaxassislari, tadbirkorlar, fermerlar, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Dunyo mamlakatlarini jiddiy tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu iqlim o‘zgarishidir. Markaziy Osiyo bunday o‘zgarishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlardan bo‘lib, mamlakatimizda ham bu muammoga jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘tgan asrning o‘rtalaridan O‘zbekistonda iqlimning isish tendensiyasi kuzatilib, har 10 yilda yillik o‘rtacha harorat 0,29 darajaga oshib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq salbiy hodisalar tufayli yer yuzida suv resurslari tanqisligi kuzatilmoqda. Shu sababli dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishining oldini olish va uning oqibatlariga moslashish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yashil iqlim jamg‘armasi global miqyosdagi tashabbus bo‘lib, 2010 yilda tashkil etilgan va u iqlim barqarorligiga asoslangan rivojlanishni moliyalashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlash vakolatiga ega. Markaz o‘z vakolatlari doirasida Yashil iqlim jamg‘armasi bilan qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Tadbirda ushbu jamg‘arma bilan hamkorlik istiqbollari, iqlim o‘zgarishidagi salbiy oqibatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Jamg‘arma akkreditatsiyadan o‘tgan turli tashkilotlar orqali loyiha va dasturlarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatadi. Ayni paytda jamg‘arma xodimlari mamlakatimizda “O‘zgidromet” markazining qo‘llab-quvvatlashi natijasida iqlimdagi noxush o‘zgarishlarga moslashtirilgan issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish yo‘lida viloyatlardagi turli tashkilot vakillari tomonidan taqdim etilgan 7 hujjat bo‘yicha yirik loyihalarni qayta ishlab, moliyalashtirish bo‘yicha ish olib bormoqda.