O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi masalalariga bag‘ishlangan nufuzli konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkentda o‘tayotgan madaniy haftalik doirasida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” xalqaro konferensiyasi tashkil etilib, ikki yo‘nalish – “Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining transformatsiyasi” va “Zamonaviy tibbiyot tizimi rivoji: global va milliy tendensiyalar” mavzulari muhokama qilindi.

Yuzlab mahalliy va xorijiy ekspertlar, soha vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda barcha uchun malakali tibbiyotni yaratish, sog‘liqni saqlash tizimini aholiga qulay tarzda yangilash, mamlakatimiz aholisini o‘rtacha umr ko‘rish darajasi yuqori bo‘lgan ilg‘or davlatlar qatoriga kiritish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Yig‘ilish avvalida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani aytildi.

Xorijiy mutaxassislar bugungi qiyin vaziyatda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar natijasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik imkoniyati oshib bormoqda. Jumladan, dori vositalari, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish, rioya etilishi ustidan nazorat qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti.

Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, yuqori texnologiyali operatsiyalarga muhtoj bo‘lgan 16,2 ming nafar bemordan 3,2 ming nafariga hududlarning o‘zida yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazilgan. Natijada yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 55 foizigacha yetkazildi. Poytaxtga kelib davolanish esa 22 foizga qisqardi.

Yurak tug‘ma nuqsonli bemorlarga jami 2,5 mingta okklyuder jihozi implantatsiyasi amaliyoti bajarildi, shundan 2 mingtasi respublika va 500 tasi viloyat darajasida amalga oshiriladi.

Ma’lum qilinishicha, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda mingdan ziyod mahalla tibbiy punktlarini tashkil qilish orqali oraliq masofani 2 kilomertga qisqartirish imkoni yaratildi.

– Tibbiyotning genetika yo‘nalishi sog‘lom genofond shakllanishida juda muhim o‘rin tutadi, – dedi “Isroil tibbiyot markazi” asoschisi Yaron Goyxman. – O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bu sohaga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etish lozim. Masalan, shu yil may oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining AQSHga tashrifi doirasida Garvard genomika markazi bilan tibbiy genetika bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Ekspertning ta’kidlashicha, kelajakda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston genom kengashi va Genom tadqiqotlar milliy institutini tashkil etishni maqsad qilgan.

Ishtirokchilar, shuningdek, o‘tgan yil 40 yoshdan oshgan aholining 10 milliondan ziyodi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabarni hayrat bilan qabul qilishdi.

Italiya, Xitoy, Polsha davlatlarining 22 ta universitetlari bilan 12 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 10 ta magistratura va 8 ta klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Qisqa tanaffusdan so‘ng yig‘ilish “Zamonaviy tibbiyot tizimi rivoji: global va milliy tendensiyalar” shiori ostida davom etdi. Ushbu qismda soha istiqboli yo‘lida qo‘llanilayotgan muhim tajriba, jahon amaliyotidan kelib chiiqqan holda salohiyatli mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘z navbatida, dolzarb muammolar va yechimlar izlash bo‘yicha fikr almashildi.

Munozara va sessiya yakuni bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Behruz Xudoyberdiyev, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA