Unda Prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilib, saylovchilar xalqimizning xohish-irodasi ifodalangan saylovoldi dasturi bilan tanishtirildi. Shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonda saylovoldi tadbirlarining kelajakda davlatimiz rivoji, aholi farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati keng targ‘ib qilindi.

Jumladan, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyil davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida ta’kidlanib, xalq hokimiyatining yorqin timsoli bo‘lmish vakillik demokratiyasi institutining roli va ahamiyatini yanada oshirish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jamiyatning innovatsion, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalarda izchil takliflarning ilgari surilayotgani yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi dasturi  qo‘llab-quvvatlanib, unda xalqchil g‘oya bosh maqsad qilib qo‘yilganligi fikr bildiruvchilar tomonidan alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilarni ushbu muhim siyosiy, tarixiy tadbirda Robaxon Maxmudovaga ovoz berishga chaqirdi.

Ishonchli vakilning saylovchilar bilan uchrashuvi To‘rtko‘l tumanida ham bo‘lib o‘tdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri