O‘zLiDePdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi ishonchli vakili Rustam Kalonov Bektemir tumani Madaniyat markazida tuman saylovchilari bilan uchrashdi. Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.
Tadbirda saylovoldi dasturiga binoan mamlakatimizning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar haqida so‘z bordi. Xususan, 2030 yilgacha iqtisodiyotimiz o‘sish sur’atlari 2 barobar oshirilib, 160 milliard dollarga yetkaziladi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi.
Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish orqali mehnat unumdorligi 2 barobarga oshiriladi. 2030 yilgacha mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin – 1,5 karra, kumush – 3 marta, uran – 3 barobar oshiriladi. Tariximizda ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarish orqali 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, avtomobilsozlik sohasida ishlab chiqarish hajmi uch barobar oshiriladi. Yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi. Sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkaziladi. Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 milliard dollar ajratiladi.
Kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinadi. Tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida sanoat ipotekasi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. IT xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi. 2030 yilga qadar jami eksport hajmi 2 barobar oshirilib, 45 milliard dollarga yetkaziladi.
Uchrashuvda 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish va iqtisodiyotimizga investitsiyalarni jalb etish borasida ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, investitsiyalarni jalb etish 2030 yilgacha 250 milliard dollarga yetkaziladi. Yillik kreditlash hajmi 18 milliard dollardan 40 milliard dollarga yetkaziladi. Kredit foiz stavkasi 20 foizdan 10-12 foizga tushiriladi. Ijtimoiy reyestrga kirgan aholini ishga olgan korxonalarga xodimining daromad solig‘i qaytarib beriladi. Vaqtida soliq to‘layotgan korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarish muddati bir kun etib belgilanadi hamda ularda soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi va davlat xaridlarida ustunlik beriladi.
Uchrashuv yakunida ishonchli vakil saylovchilarni partiya nomzodini bo‘lajak saylovda qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
M.Komilova, O‘zA