O‘zbekiston MDHga a’zo davlatlarning “Hamdo‘stlik bolalari” sakkizinchi xalqaro madaniy-ma’rifiy forumiga mezbonlik qilmoqda.

Toshkent viloyatidagi “Semurg‘” sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tkazilayotgan forum MDH Parlamentlararo assambleyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, MDHga a’zo davlatlarning gumanitar hamkorlik bo‘yicha Davlatlararo jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan.

“Hamdo‘stlik bolalari: zamonlar va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi forumda Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tomonidan 14-17 yosh doirasidagi 10 nafardan maktab o‘quvchilari va ularning ustozlari ishtirok etmoqda.

Maqsadi bolalar va yoshlarni yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik ruhida tarbiyalash uchun xalqaro platforma yaratishdan iborat bo‘lgan mazkur loyihada 2013-2022 yillar mobaynida MDH davlatlaridan jami 800 ga yaqin maktab o‘quvchisi qatnashgan.

Forumning tantanali ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirokchilarni qutladi.

– “Hamdo‘stlik bolalari” xalqaro madaniy-ma’rifiy forumining O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilishi, albatta, o‘ta muhim xalqaro tadbir bo‘lib, zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz yoshlarning jamiyat va davlat rivojiga qo‘shayotgan hissasini doim har tomonlama qo‘llaymiz. “Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz!” ezgu tashabbusini hayotga tatbiq etish orqali faol yoshlarni milliy parlament faoliyatiga yanada kengroq jalb etmoqdamiz. Forum doirasida Yoshlar parlamenti a’zolari bilan bevosita muloqotni ham rejalashtirganmiz. Umid qilamanki, bunday muloqot yangi tashabbus va loyihalarni ilgari surish imkonini beradi. Bu yilgi forum “Zamonlar va avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik” deb nomlanishi bejiz emas. Zero, aynan sizlar tengdoshlaringizni jipslashtirib, ko‘p asrlar davomida mavjud bo‘lgan ilm-fan, ma’rifat, ezgulik g‘oyalarini boyitib, buyuk bunyodkorlik yaratasiz, – dedi T.Norboyeva.

Ishtirokchilarga, shuningdek, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Kengashi raisi N.Kochanova hamda MDH Parlamentlararo assambleyasi Bosh kotibi  – Kengash kotibiyati rahbari D.Kobitskiy ham tabrik yo‘lladi.

Forumning tantanali ochilishi marosimi ijodiy jamoalarning chiqishlari bilan davom etdi.

Bu yil ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan forumning har bir kuni muayyan davlatning madaniyati va tarixiga bag‘ishlanadi. 29 iyunga qadar davom etadigan loyihada yoshlar sport o‘yinlari, sayohatlar, bahslar, ijodiy seminarlar, kvestlar, musiqiy flesh-moblarda ishtirok etadi. Suhbat va munozaralar davomida bolalar huquq va majburiyatlari, ekologiya, xalqaro hamkorlik, madaniyat, turizm kabi masalalar muhokama qilinadi.

Tadbirning birinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasining taqdimoti o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar betakror qadriyatlarimiz, milliy an’analarimizni o‘zida aks ettirgan hunarmandchilik mahsulotlari, o‘ziga xos san’atimiz namunalari, o‘zbek milliy taomlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek,  Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari bilan jonli muloqot o‘tkazildi.

Forum ishtirokchilari Senat binosiga tashrif buyurib, parlament a’zolari bilan uchrashadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA