Vatan sha’nini xalqaro sport maydonlarida ulug‘lash sharaf. Bunday qudratga ega chempionlarni kamolga yetkazish ne chog‘li mashaqqatli mehnat va izlanish talab qilishini murabbiy-ustozlar yaxshi anglaydi.
Bugun nafaqat yurtimizda, balki jahon sport olamida mashhurlik shohsupasiga ko‘tarilgan Bahodir Jalolovdek, Akbar Jo‘rayevdek, Davlat Bobonovdek o‘nlab nomdor sportchilarimizning shunday maqomga ko‘tarilishi so‘zsiz, davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sport rivojiga e’tibor, murabbiy-mutaxassislarning fidoyiligi, sportchilardagi iste’dod tufayli amalga oshmoqda.
Yurtimizda o‘tgan yillar mobaynida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zarur shart-sharoitlar yaratish hamda xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan bundan ikki yil muqaddam imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan qabul qilingan jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining joriy etilishi yangi-yangi chempionlarning kamol topishiga mustahkam zamin tayyorlamoqda.
Ammo taassufki, mamlakatimizda professional sportchilarni tayyorlash tizimi bundan 5-10 yillar muqaddam yagona tizimga, aniq dasturga ega bo‘lmagani ham sir emas. Birgina yuqorida nomlari keltirilgan Jalolov, Bobonov, Akbarov va yo boshqa sportchilarimizning katta sportda bo‘y ko‘rsatishi, terma jamoalardan joy olishi, jahon maydonlarida yuksak g‘alabalarga erishishi aniq dasturlar, saralashlar tufayli emas, ma’lum bir mutaxassislarning nazari, ularni qo‘llashi, fidoyiligi, jonkuyar vatandoshlarimizning alohida e’tibori tufayli ro‘y berganini bugun xalq biladi.
Masalan, Bahodir Jalolovning o‘n besh yillar muqaddam ming bir mashaqqat bilan Chirchiq olimpiya kollejida tahsil olgani, keyinchalik uch bosqichli sport o‘yinlarining muhim bo‘g‘ini “Universiada” o‘yinlarida goh Jizzax, goh Toshkent viloyati, goh Surxondaryo viloyati nomidan qatnashib yurgan kezlarida qaysi omillar, qanday vaziyatlar uni yorqin manzillarga boshlaganini bunga guvoh bo‘lganlar yaxshi eslaydi.
Xuddi shunday holat Bobonov, Akbarov, ulardan oldingi avlod Muhammadqodir Abdullayev, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov kabi sportchilar hayotida ham u yoki bu darajada aks etganki, agar Bahodirga, Muhammadqodirga, Rishodga, Akbarga, Hasanboyga, Abdullaga, Fazliddinga davlatimiz e’tibori qatori, ruhiy quvvat bo‘lganlar bo‘lmaganda London-2012, Rio-2016, Parij-2024 Olimpiadalaridagi, jahon va qit’a chempionatlaridagi shonli g‘alabalarga erisha olarmidik? G‘urur-iftixor hislarini qalb-qo‘rimiz bilan tuyarmidik? Dunyo hamjamiyati o‘zbek sportining muvaffaqiyatlari haqida hayajon bilan so‘zlarmidi?
Bu gaplarni nega aytyapmiz? Nega o‘n yil nari-beridagi holatlarni yod etyapmiz? Nihollar o‘z-o‘zidan chinorga aylanmaydi. O‘z holicha o‘sadigan ko‘chatlardan yam-yashil bog‘lar, alp kelbat chinorlar bunyod bo‘lmaydi. Har qanday yashnash, yasharish mehnat, ishlarning rejali, tartibli olib borilishi, moddiy va ma’naviy e’tibor tufayli ro‘y beradi.
Bugun jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tag zamini shu maqsadlarga qaratilganki, Vatan dovrug‘ini doston etadigan sportchilarning yangi avlodi qisqa fursatda yetishib chiqayotgani o‘tgan kompleks musobaqalarda yaqqol ko‘zga tashlandi. 2021 yili Qozonda tashkil etilgan MDH o‘yinlari hamda o‘tgan yili o‘tkazilgan “Osiyo bolalari” o‘yinlari O‘zbekiston sportining yangi Bahodirlari, Ulug‘beklari, Abdullalari, Davlatlari kamolga yetayotganligini ko‘rsatdi.
Boshlangan harakatlar orqali maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish yo‘lida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mahoratli sportchilarni aniqlash, tanlash, saralash, pirovardida olimpiya sport zaxirasini shakllantirish nazarda tutilgan.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan joriy yilning iyun-iyul oylarida hududlarda ushbu tamoyillar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish va joylarda ichki musobaqalarni o‘tkazish asnosida iste’dodli yoshlarni kashf etish belgilandi. Reja-dasturlar ishlab chiqildi.
Ushbu reja-dasturga binoan, mamlakatimizning barcha hududlarida 22 olimpiya sport turlari bo‘yicha saralash turnirlari, ichki musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulotlar, joylardagi murabbiylar uchun amaliy saboqlar tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Sifatli olimpiya zaxirasini shakllantirish yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga muvofiq, Andijon, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida 12 ta saralash sport musobaqalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo viloyatida 9 ta, Buxoro, Navoiy viloyatlarida 10 ta, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida 13 ta, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida 14 ta, Farg‘ona viloyatida 17 ta saralash musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bugungacha bir qator hududlarda yengil atletika, kamondan o‘q otish, boks, dzyudo, voleybol, taekvondo, og‘ir atletika, tennis kabi sport turlari bo‘yicha iqtidorli yoshlar aniqlandi.
Rejaga ko‘ra, shu kunlarda Andijonda badminton, Buxoroda eshkak eshish, Jizzaxda qilichbozlik, Xorazmda boks, Toshkent viloyatida chim ustida xokkey, Namanganda velosport, Samarqandda gandbol, Sirdaryoda og‘ir atletika saralash musobaqalari o‘tkazilishiga hozirlik ko‘rilmoqda.
Yuqorida aytganimiz niholning chinorga aylanishi ne chog‘li murakkab jarayon bo‘lganidek, mazkur musobaqalarda mahoratini namoyish etib saralangan, tanlangan yoshlar orasidan O‘zbekiston sportining yaqin kelajakdagi o‘nlab Bahodirlari, Akbarlari, Davlatlari, Ulug‘beklari yetishib chiqsa, ne tong. Faqat iqtidorlilarni aniqlash tizimiga mas’ul bo‘lganlar adolatli va halol bo‘lsa bas.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA