Bayrog‘imizga nisbatan hurmatsizlik va nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka oid aniq normalar ham belgilanmoqda.
Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bayrog‘imiz – davlatimizning asosiy ramzlaridan biri sifatida milliy o‘zligimiz, qadriyatlarimiz, davlatchiligimiz va eng muhimi, mustaqilligimizni o‘zida ifoda etishini qayd etdi.
– Shu ma’noda qonunga kiritilayotgan yangiliklar juda muhim ahamiyatga ega, – dedi Senat Raisi. – Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning yurtga sadoqati, faxr-iftixori ifodasi sifatida Davlat bayrog‘idan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish zarur. Bu boradagi tartib-taomillarni yanada erkinlashtirgan holda aniqlashtirish, xalqimizning yaxshi kunlarida, xonadonlarda bayrog‘imiz hilpirab turishiga imkon berish, sodda qilib aytganda, bayrog‘imiz tom ma’nodagi xalq bayrog‘i bo‘lishiga erishishdir. Qonun bilan bayrog‘imizga nisbatan hurmatsizlik va nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka oid aniq normalar belgilanayotgani ham e’tiborga molik.
Mazkur qonun fuqarolarning takliflari va talab-istaklarini hisobga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi asosida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni saqlagan holda bayrog‘imizdan foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi me’yorlar qonunchilikka kiritilmoqda.
Bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.
Bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Senat a’zolari qonunni ma’qullab, kelgusida bu davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga, yurtdoshlarimizda vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA