Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Qashqadaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Shuhrat Aslanov ochdi. Shavkat Mirziyoyev rahbarligida viloyat iqtisodiyoti jadal rivojlantirilib, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, xalqimizga munosib sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzod dastlab kelgusi yetti yilda Qashqadaryoda ta’limni rivojlantirishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.
– Eng avvalo, 2030 yilga qadar viloyatda maktabgacha ta’lim sohasidagi qamrov yuz foizga yetkaziladi. Shu maqsadda qariyb 1 trillion 300 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 1 ming 745 ta yangi bog‘cha tashkil etiladi. Olis va chekka hududlarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish uchun 1 ming 500 o‘rinli 28 ta mobil guruh tashkil etiladi. Bog‘chalarda 12 o‘rinli 350 ta bir yillik bepul tayyorlov guruhlari va 50 ta qisqa muddatli guruhlar tuziladi.
Kelgusi yetti yilda maktab ta’limida qo‘shimcha 130 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi, viloyatda o‘quvchisi 30 nafardan ortiq bo‘lgan sinflar qolmaydi (hozirda 4 mingdan ziyod sinfda 35 ta bola o‘qiydi).
Shuningdek, 237 ta maktab mukammal ta’mirlanadi, 591 ta maktab zamonaviy o‘quv anjomlari, laboratoriya va kompyuterlar bilan jihozlanadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qashqadaryo viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
– Tibbiyot sohasida 37 ta poliklinika, 95 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etiladi, davolash o‘rinlari 12 mingtaga yetkaziladi. Qarshi shahridagi tarqoq 5 ta shifoxona negizida “Ona va bola” klasteri barpo etiladi. Nishon, Chiroqchi, Koson, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida zamonaviy tug‘ruq komplekslari quriladi (550 davolash o‘rni).
Kelgusi yillarda 800 nafar ehtiyojmand ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlarini davolash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi, – dedi nomzod.
Uchrashuvda shahar jamoat transportiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelinishi, elektromobillar uchun 200 ta zaryadlash stansiyasi qurilishi aytildi.
Prezidentlikka nomzodning aytishicha, bu maqsadlar uchun 30 million dollar jalb qilinadi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan birga “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” va “Samarqand – Qarshi” yo‘llari kapital ta’mirlanishi (177 kilometr), “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” yo‘lining Qashqadaryo hududidan o‘tuvchi 60 kilometr qismi rekonstruksiya qilinishi ma’lum qilindi.
Aholini ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash ham doimiy e’tiborda bo‘ladi.
Xususan, Qashqadaryodagi ehtiyojmand oilaga mansub 20 ming talabaga kontrakt pullari to‘lab beriladi. Ushbu maqsadlar uchun 220 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
– O‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarimizga bir yillik ijara xarajatining 50 foizi qoplab beriladi. Talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimi joriy qilinadi, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarni “haqiqiy qahramon” deb atadi.
– 150 ming nafar yoshlarimiz xorij oliygohlarida ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, 2 million atrofidagi yurtdoshlarimiz ro‘zg‘orini tebratish uchun, oilasi, ota-onasi va farzandlaridan uzoqda – xorijda mehnat qilmoqda. Albatta, musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas. Xorijda bunday sharoitda yashab kelayotgan odamlarimizni haqiqiy qahramon, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Chet ellarda tajriba va malaka orttirayotgan ana shunday vatandoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak, – dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga oid rejalari haqida alohida to‘xtaldi.
–Yangilangan Konstitutsiyamizda davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashini muhrlab qo‘ydik. Hozir bu ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha kelgusi yetti yillik rejalarimni aytaman,– dedi nomzod. – Xorijiy davlatlarda hunarmand va kulollar ko‘rgazmalari o‘tkaziladi, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari keng nishonlanadi.
Vatandoshlarimiz uchun O‘zbekiston bo‘ylab, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga maxsus sayohatlar hamda chegirmalar paketi ishlab chiqiladi.
Bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun “Vatandoshlar” jamoat fondiga 300 milliard so‘m ajratiladi.
Ushbu jamoat fondining vakolatlari ham kengaytiriladi. Vatandoshlar bilan yanada yaqinroq ishlash uchun yangi instrument va imkoniyatlar yaratib beriladi, – dedi prezidentlikka nomzod.
Vatandoshlar uchun O‘zbekistonda ishlashi uchun litsenziya talabi bekor qilinishi aytildi.
Xususan, mamlakatimizda ishlash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi vatandoshlarimiz uchun:
– kirish vizalari muddati 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi, davlat bojlari 3 karra pasaytiriladi (hozirda – 250 dollargacha);
– O‘zbekistonda ishlashi uchun litsenziya talabi bekor qilinadi, barcha huquqlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi;
– O‘zbekistonda doimiy yashash tartibi soddalashtiriladi;
– mamlakatimizda uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, ta’lim, tibbiyot va boshqa davlat xizmatlaridan teng huquqlilik asosida foydalanish imkonini beradigan “Vatandosh guvohnomasi” joriy qilinadi, – dedi nomzod.
Chet eldagi fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirilishi ma’lum qilindi.
Xususan, og‘ir ahvolga tushib qolgan barcha yurtdoshlarimizga xorijiy davlatning o‘zida moddiy yordam imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz. Jumladan, ularga vaqtincha yashash, hujjatlarini tiklash, ona Vataniga qaytish kabi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
– Bundan tashqari, taqdir taqozosi bilan xorijda vafot etgan yurtdoshlarimizni o‘z yurtiga olib kelish davlat tomonidan ta’minlanadi. Ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga alohida g‘amxo‘rlik qilinadi, farzandlarini o‘qitish va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha har tomonlama yordam ko‘rsatiladi. Xorijda ishlayotgan odamlarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida ularga advokat jalb etish xarajatlarini qoplash va huquqiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, – dedi nomzod.
Uchrashuvda AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa davlatlaridan yuqori maosh to‘lanadigan ish topib ketayotgan yurtdoshlarimizga yo‘l chiptasi va “ishchi viza”ni olish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi aytildi.
Bundan tashqari, chet eldagi yurtdoshlarimiz uchun:
– onlayn hujjat olish va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi, ularning narxlari ichki tariflarga tenglashtiriladi;
– doimiy konsullik hisobida turish badali bekor qilinadi, hisobda turish shartlari soddalashadi;
– sog‘lig‘i va hayotini sug‘urtalash ko‘lami kengaytiriladi. Bunda “ijtimoiy reyestr” va “3 ta daftar”larga kirgan shaxslarga sug‘urta xarajatlari uchun subsidiya beriladi;
– Germaniya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda, shuningdek, Rossiyaning yirik shaharlarida bepul huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan markazlar ochiladi (hozirda Rossiyaning Moskva shahrida hamda Koreya, Qozog‘iston va Turkiyada tashkil etilgan);
– xorijdagi yurtdoshlarimizning barcha masalalarini tezkorlik bilan hal qilish uchun elchixonalarimiz, Tashqi ishlar, Bandlik va Ichki ishlar vazirliklarida tunu-kun ishlaydigan “koll-markazlar” tashkil etamiz.Umuman, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan ishlash, chet elga ishlashga va o‘qishga ketgan odamlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga kelgusi yillarda 200 million dollar yo‘naltiriladi”, – dedi nomzod.
Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA