Rossiya – Ukraina

AQSH Prezidenti Jo Bayden va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukraina atrofidagi ziddiyatdan xavotir bildirdi. Vashington va Dehli ayni vaziyatda tomonlarni BMT Nizomiga, shuningdek, suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyiliga sodiq qolishga chaqirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

“Har ikki tomon ukrain xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishga va’da berdi, inqirozdan keyin Ukrainani tiklash muhimligiga e’tibor qaratdi”, deyiladi bayonotida.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish don shartnomasini uzaytirish bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi, deya ma’lum qildi Davlat departamenti rahbari Mettyu Miller.

Kecha Londonda yakunlangan Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya qatnashchilari yaqin yillarda Kiyevga 60 milliard yevro ajratishga kelishdi. Bu haqda Britaniya TIV rahbari Jeyms Kleverli ma’lum qildi.

Vazir aniqlik kiritishicha, “YeI byudjetidan uch yil davomida 50 milliard yevro ajratilishi alohida ta’kidlandi, shu davr uchun Jahon banki uch milliard yevroga kafolat berdi. Ukrainani qayta tiklash ishida 42 mamlakatdan 500 ga yaqin kompaniya ishtirok etishi ma’lum qilindi.

AQSH, Yaponiya, Hindiston, Xitoy va Ukraina yaqin orada mavjud inqiroz bo‘yicha keng formatda maslahatlashuv o‘tkazadi. Bu haqda kunchiqar yurt hukumatidagi manbalarga asoslanib, “Nikkei” gazetasi xabar berdi. Kopengagenda o‘tadigan tadbirning sanasi hali kelishilmagan.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va XXR Bosh vaziri Li Syan uchrashuvida boshqa dolzarb xalqaro mavzular qatori Ukrainadagi inqiroz ham ko‘rib chiqildi. Bu haqda Yelisey saroyidagi manbaga tayanib, “France-Presse” agentligi xabar berdi.

– Tinchlikka erishish uchun nima kerakligini faqat Rossiya va Ukraina biladi, – dedi Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva. – Nazarimda, avval tomonlarni otashkesinni to‘xtatish zarurligiga ishontirish kerak, keyin ularni muzokara davrasiga chorlash kerak. Hozir qaysi mamlakatlar bu ishga bosh qo‘shishi mumkinligi to‘g‘risida o‘ylayapmiz. Hindiston, Meksika… Yoki nima uchun Afrika davlatlari emas?! Men Rim Papasi Fransiskning “tinchlik haqida gapirish uchun avval odamlarni birlashtirish kerak”, degan fikrini to‘la qo‘llab-quvvatlayman.

Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba “Bo‘lajak qarshi hujum arafasida Kiyev Amerika va’da qilgan “Abrams” tankini olishi mumkin”, degan fikrni bildirdi. U mahalliy OAVga intervyusida “Ukraina qancha lozim bo‘lsa, shuncha qarshi hujum uyushtiradi, degan.

– Ukraina mojarosi NATO va Rossiya o‘rtasiga soya tushirmasligi kerak, – dedi Germaniya kansleri Olaf Shols. – Kiyevning Shimoliy Atlantika alyansiga intilishini to‘g‘ri qabul qilish kerak. Faqat bu vaziyatda mamlakatning harbiy ehtiyojiga e’tibor qaratish lozim.

Harbiy yordam ko‘rsatishdan avval Ukrainani NATOga kirish yo‘lida siyosiy qo‘llab-quvvatlash lozim, dedi Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis.

Shveysariya sentyabr oyida Kiyevga minadan tozalash mashinasi yuboradi, deya ma’lum qildi mahalliy hukumat matbuot xizmati.

“Swiss Digger” kompaniyasi ishlab chiqargan masofadan boshqariladigan ixcham mashina hududlarni minadan tozalashda juda qulay. Ushbu xavfsiz moslama keng hududni tez va samarali tozalaydi.

Abror XON, O‘zA