May oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida nomzod sifatida ishtirok etgan Turkiyaning asosiy muxolifat Respublika-xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘ziga qarshi ochilgan 28 da’vo arizasi bo‘yicha tergov doirasida hibsga olinishi ehtimoli bor.
Umuman, ushbu siyosatchiga Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anni haqorat qilishda ayblanib, 110 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin, deb xabar tarqatdi “Respublika” telekanali.
Qilichdoro‘g‘li prezidentlikka da’vo qilgani uchun parlament saylovida qatnasha olmadi. Ya’ni u daxlsizlik maqomiga ega emas.
Bu vaziyatdan foydalangan hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakillari saylovlardan so‘ng darhol respublikachilar yetakchisiga nisbatan parlamentga kelib tushgan tahdid, tuhmat, adovat va milliy nizo qo‘zg‘atish, terror tashkiloti tashviqotini olib borish singari so‘rovlarni birlashtirib, shu asosda Erdog‘anni haqoratlash aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, aksariyat da’vo arizalarining muallifi Turkiya rahbarining o‘zi. Bungacha davlat yetakchisi bir necha bor bunday mahkama ishlarida g‘alaba qozongani, tushgan mablag‘larni esa xayriya ishlariga sarflagani aytiladi.
Tahlilchilar ta’kidicha, bosh muxolifatchining jinoiy javobgarlikka tortilishi ehtimoli juda kam. Zero, bu mamlakatda beqaror vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.