Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining raqamlashtirish yo‘nalishidagi bandlari ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligining axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan samarali foydalanish natijasida davlat boshqaruvi tizimi to‘liq raqamlashtirilmoqda.
2023 yil uchun mo‘ljallangan davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron davlat xizmatlarining ulushini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan Yagona portal orqali joriy qilinishi zarur bo‘lgan eng ommabop 72 ta davlat xizmatlari va servislari ro‘yxati shakllantirilgan va bugungi kunda ularni ishga tushirish ishlari davom ettirilmoqda.
Joriy yilning iyun oyi oxiriga qadar axborot texnologiyalari sohasida eksport hajmini 100 mln. dollarga yetkazish kutilyapti. Aholi yashash punktlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish doirasida 2023 yil davomida respublika bo‘ylab 28 ming km. optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan bo‘lsa, mobil aloqa operatorlari tomonidan qo‘shimcha 3 ming 217 ta baza stansiyalari o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, yil yakuniga qadar respublikadagi aholi yashash punktlarida mobil aloqa va keng polosali mobil Internet xizmatlari qamrovini 99 foizga yetkazish va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarida mobil aloqa va Internet qamrovini 70 foizga yetkazish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 300 taga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar mazkur masala yuzasidan aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA