“Theguardian” nashri yozishicha, Tayvanda ota-onalar maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachilarini farzandlari ovqatiga giyohvand modda qo‘shib berganlikda ayblagan.
Yangi Taypey shahridagi xususiy “Baoren” bog‘chasi o‘qituvchilari bolalarni qaramlikka yetaklaydigan yo‘tal siropi bilan tinchlantirishda ayblanmoqda.
Shu oy ota-onalar bolalarining kayfiyati o‘zgarishi, g‘ayrioddiy harakat, alomatlar ko‘rsatishidan xavotir bildirgach, politsiya tergov boshladi. Xabar qilinishicha, sakkiz nafar o‘quvchida tarkibida fenobarbital va benzodiazepin bo‘lgan psixologik faol dorilar miqdori ijobiy natija bergan.
Fenobarbital epilepsiyani davolashda qo‘llanadi, benzodiazepin esa uxlatuvchi dorining kuchli turi. Osonlik bilan topib bo‘lmaydigan bunday dori-darmon nima uchun bolalarga berilgani noma’lum. Hozircha tinchlantiruvchi xususiyati tufayli shu preparatlarga murojaat etilgani taxmin qilinmoqda.
“Baoren” bolalar bog‘chasi direktori va besh nafar o‘qituvchi tergovgacha tartibda hibsga olingan.
Maktabni yopish va 150 000 tayvan dollari miqdorida jarima to‘lash belgilangan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA