Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab fraksiya rahbari Alisher Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi xususida to‘xtaldi.
– O‘zbekiston bugun xorijiy davlatlar bilan ochiq, pragmatik siyosat yuritib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadida dunyoga o‘z eshiklarini yanada kengroq ochmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyo bozoriga olib chiqish yo‘lida samarali ishlar olib borilyapti. Bu borada O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasi bilan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Fors ko‘rfazidagi Eronga qarashli Bandar-Abbos, Chobahor portlari O‘zbekistonning ochiq dengiz orqali dunyo bozoriga chiqishi uchun eng yaqin va qulay yo‘l hisoblanadi. Aynan transport-logistika yo‘nalishida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida samarali muzokaralar o‘tkazildi va bir qator kelishuvlarga erishildi. Bu mamlakatimizning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Alisher Qodirov.
Shundan so‘ng deputatlar “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmakologik vositalarni ishlab chiqarishni rivojlantirish, dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq tashkil etish, farmatsevtika bozoriga yangi zamonaviy dori vositalari kirib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda.
Shuningdek, deputatlar “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
– Ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish maqsadida sudlar faoliyatida “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etildi, – dedi fraksiya a’zosi Davron Aripov. – Sud ishlarini qayta ko‘rish tartibi o‘zgartirilib, tumanlararo, tuman, shahar sudlarida ishlar birinchi instansiyada, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda ishlarni apellyatsiya tartibida, Oliy sudda ishlar kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Shu bilan birga, keyingi yillarda “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida belgilangan tartiblar bo‘yicha bir necha kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, Oliy sudning vakolatlari kengaytirilishi evaziga ishlarni hal etishda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar xizmatidan samarali foydalanish imkoniyati mavjud emasligi oqibatida Oliy sudda ishlarni ko‘rish hajmi keskin ortdi. Xususan, Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining 2020 yilda o‘rtacha oylik ish hajmi 2,7 ta ishni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 14,1 tani, 2022 yilda bu ko‘rsatkich bo‘yicha 15,8 tani tashkil etmoqda. Bu sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasining norma darajasidan ortishiga olib kelib, ishlarning ko‘rish sifatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ish hajmining ortishi fuqarolarning ortiqcha sarf-xarajat qilishiga, sudma-sud sarson bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Va bu tabiiy ravishda fuqarolarda sudga nisbatan norozi kayfiyat uyg‘onishiga olib kelyapti.
Mazkur kamchiliklarni hal qilish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, bu bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, – dedi deputat.
Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi odamlarning sudma-sud sarson-sargardon yurishiga barham berishini, odil sudlov sifatini yaxshilash, sudyalarning ish hajmi va ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA