Ertaga, 17 iyun kuni Germaniyaning Berlin shahrida imkoniyati cheklanganlar o‘rtasida o‘tkaziladigan Butunjahon maxsus olimpiadasi o‘yinlari boshlanadi.
Dunyoning 190 ga yaqin mamlakatidan 7 mingdan ziyod sportchi 26 sport turidagi bahslarda qatnashishi kutilayotgan mazkur maxsus olimpiada o‘yinlari 25 iyunga qadar davom etadi.
Bugun, 16 iyun kuni Butunjahon maxsus olimpiadasida qatnashish uchun ayni paytda Berlinda tayyorgarlik jarayonlarini maromiga yetkazayotgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov uchrashdi. Ular bilan bo‘lajak musobaqalarning mohiyati, har bir sportchining imkoniyatlari xususida suhbatlashdi. Berlin sport maydonlarida kechadigan shiddatli bahslarda matonat sohiblariga vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishlariga ishonch bildirdi.
Aytish lozim, ushbu nufuzli musobaqalarda yurtimizning 28 nafar irodali sportchisi 8 ta sport turidagi bahslarda medallar uchun kurash olib boradi. Maxsus olimpiadaning har jihatdan yuqori darajada tashkil etilishida 3 mingga yaqin mutaxassis-trener, 20 ming nafar atrofidagi ko‘ngillilar xizmat ko‘rsatmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA