AQSH Davlat kotibining Xitoyga tashrifi davomida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv rejalashtirilmagan. Davlat departamenti e’lon qilgan safar jadvalida ayni band yo‘q.
Blinkenning Xitoy yetakchisi bilan uchrashishi ehtimoli uning Chin mamlakatiga safari atrofidagi shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Zero, bunday uchrashuv Pekinga tashrif muvaffaqiyatli kechganini bildirgan bo‘lardi. Avvalroq OAV Davlat kotibining Xitoyga tashrifi chog‘ida shunday uchrashuv bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan, lekin bu ma’lumotni Vashington ham Pekin ham rasman tasdiqlamagan edi.
Tashrif jadvaliga ko‘ra, dushanba kuni Blinken Xitoy Kommunistik partiyasi tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devonxonasi rahbari Van I bilan uchrashadi. Shuningdek, turli tadbirlar, davra suhbatlarida ishtirok etadi. Tashrif so‘nggida matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yaqinda “CBS News” telekanali Blinken va Si Szinpin uchrashuvi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagan bo‘lsa-da, Pekinda mazkur uchrashuvga tayyorgarlik ketayotganini ma’lum qilgandi.